Thursday, August 2, 2012

Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?

Ancha vaqtlardan buyon blogimga maqola yozmagandim, lekin odamlarga foydasi tegadigan nimadir yozishni "kallam"da pishirib yurardim. Alloh shu kunga nasib qilgan ekan. Qani boshladik:
Ushbu maqolamni "Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?" deb nomladim. Savol paydo boʻlishi mumkin. "Nega aynan kompyuter?", "Nega dasturlash yoki shunchaki kompyuterda ishlash emas?" Men kompyuterga oid hamma sohani nazarda tutgandim. Bu yerda kompyuterning oʻzida ishlash, ofis dasturlarini yoki boshqa birorta dasturni oʻrganish va dasturlashni oʻrganish kabi barcha informatsion texnologiyalarga oid yoʻnalishlarni umumlashtirishga harakat qilgandim.

1. Ish jarayonida oʻrganing. Yana ham aniqrogʻi biror joyga kirib, shu sohada sinov muddatida yoki birota ish olib ishlab koʻring. Majbur boʻlsangiz, oʻsha ishni oxiriga yetkazishga harakat qilasiz. Ish jarayonida juda koʻp narsalarni oʻrganish mumkin. Bir doʻstimiz rus va ingliz tillarini yaxshi bilmaydi, lekin grafikaga oid "Photoshop", "CorelDraw" va "Pagemaker"dasturlarida koʻzini yumib ishlay oladi. Birorta oʻquv kursiga borgan emas, kitob ham oʻqigan emas. Boshida ozroqqina shogird tushib, ozroqqina oʻrgangan. Hozir esa oʻz kasbining ustasi boʻlib ketgan. Undan mana shu ishni qanday amalga oshirsa boʻladi deb soʻrasangiz, tushuntirib bera olmaydi, lekin bajarib koʻrsata oladi. Bu fikrimga isbot sifatida quyidagi sitatani keltirsam:

Bir soatlik ish bir kunlik tushuntiruvdan koʻra koʻproq narsa beradi, chunki men bolani ustaxonada mashgʻul qilar ekanman, uning qoʻllari aqli uchun ishlaydi: u oʻzini bor-yoʻgʻi hunarmand hisoblagani holda faylasafga aylanadi.
J.J.Russo

 2. Biror kishiga shogirdlikka tushing. Ustozdan ancha narsalarni oʻrganish mumkin. Kitoblardan, video darslardan 10 kunda oʻrganishingiz mumkin boʻlgan narsani bir kunda oʻrgatishi mumkin ba`zida. Bilmagan narsalaringizni bemalol soʻrab oʻrganishingiz mumkin. Oʻzbek xalq maqoli bor: "Ustoz koʻrmagan shogird - har maqomga yoʻrgʻalar". Nemis iqtisodchisi Bodo Shefer aytganidek, eng kuchli sportchi olimpiadachilarning ham ustozlari bor. Nega IT sohasida boʻlmas ekan.

3. Oʻrgangan narslaringizni boshqalarga ham oʻrgating. Shunda yanada koʻproq oʻrganib, bilganlaringiz xotirada yanada mustahkamroq joylashadi.  Bu haqida olimlar ham shunday degan:
Boshqalarni oʻqitib, oʻzimiz ham oʻrganamiz.
SENEKA
Oʻqitish, ikki barobar oʻqish demakdir.
J.Juber

4. Buzib qoʻyishdan qoʻrqmang. Men ishni boshlagandimda koʻp narsalarni buzib oʻrganganman. Kompyuterning qurilmalarini buzib qoʻysangiz, ma`lum bir xarajatga tushishingiz mumkin, lekin dasturni buzib qoʻysangiz, CTRL+ Z amalni orqaga qaytaradi. Agar juda ham boʻlmasa, qayta oʻrnatishga toʻgʻri keladi. Menimcha, dasturni qayta oʻrnatish xarajat talab qilmasa kerak. Qoʻrqqan odam oʻrganishi juda qiyin boʻladi. Hech e`tibor berganmisiz. Yoshi kattalarga nisbatan yoshlar juda tez oʻrganishadi kompyuter va telefonlarda ishlashni. Chunki yoshlarda qiziquvchanlik koʻp va qoʻrquv sal kamroq. Yoshi ulugʻ kishilar esa juda ehtiyotkor boʻlishadi. Buzib qoʻymasmikanman degan xayolda boʻlishgani uchun IT olamini sekinroq oʻrganishadi.

5.Oʻrganganlaringizni amalda qayta-qayta bajarib, takrorlab turing. Men linux operatsion tizimini oʻrganishni boshlaganimda, terminalda turli kodlarni qayta-qayta bajarib koʻrardim. Internetdan va kitoblardan oʻrganganlarimni amalda bajarardim. Natijada ancha narsani oʻrgandim. Dasturchilar koʻpincha kodlarni qayta-qayta yozganligi uchun yodlab qolishadi. Oddiy yosh bolalar ham koʻpincha takrorlash orqali ancha narsani oʻrganishadi. Bekorga xalqimiz aytmagan: "Mulla boʻlsang takror qil, Dehqon boʻlsang shudgor qil". Ruslarda ham shunday maqol bor: "Takrorlash - bilimning onasi"

6. Klaviaturaga qaramasdan, oʻnta barmogʻingiz bilan soʻzlarni terishni oʻrganing. Kompyuterda doimo takrorlanadigan, lekin koʻpchilik e`tibor bermaydigan ish hisoblanadi, lekin ana shu narsa sizni miyangizning rivojlanishiga, vaqtdan unumli foydalanishingizga sabab boʻlishi mumkin. Buni oʻrganish uchun "Windows" operatsion tizimida ham, "Linux"da ham turli dasturlar mavjud. Ozroq qunt qilish va vaqt ajratish  kifoya.

7. Oʻrganganlaringizni yozib boring. Agar blogingiz boʻlsa, oʻrgangan narsalaringizni maqola tarzida yozib boring. Biz insonmiz. "Inson" soʻzi unutuvchan degan ma`noni bildiradi. Agar inson unutuvchan boʻlmaganda, jinni boʻlib qolishi ham hech gap emas ekan. Shunday qilib ba`zi unutgan narsalarimizni blogimizdan qaytadan oʻqib olishimiz mumkin boʻladi.

1 comment:

Farruhjon said...

Yaxshi maqola. Davom ettirish kerak.