Saturday, August 24, 2013

"Ubuntu" haqida qanday tasavvurga ega boʻlish mumkin?

Koʻpchilik "Ubuntu" operatsion tizimiga qiziqib qolganlar, uni oʻrnatib koʻrishga harakat qilishadi. Ba`zilar qiziqib unda ishlashni davom ettirishadi, ba`zilar esa yana oʻchirib tashlashga harakat qilishadi. Ana shunday muammolarga uchramaslik uchun, ushbu operatsion tizim haqida tasavvurga ega boʻlish uchun "Ubuntu"ni toʻliq oʻrnatish shartmas. Ushbu tizimni butunlay oʻrnatmasdan ham tasavvur olish mumkin va ishlatib koʻrish mumkin. Ushbu maqola shu haqida. 
1. http://www.ubuntu.com/tour/en/ linkiga oʻtib, onlayn holatda ushbu tizim haqida umumiy ma`lumotga ega boʻlish mumkin. "Boshlash" tugmasini bosish, jild va hujjatlarni ishga tushirib koʻrish mumkin. Bu yerda ushbu tizimdan toʻliq foydalanish imkoni yoʻq, lekin har holda tasavvur olishga yordam beradi.
2. "Ubuntu Desktop" diskini dvd oʻquvchi qurilmaga qoʻyib, u bilan kompyuterni ishga tushirib, u yerdagi "Запуск Ubuntu без установки" (Ubuntuni o'rnatmasdan ishga tushirish) bilan kompyuterni ishga tushirsangiz, bemalol tizim haqida tasavvurga ega boʻlishingiz mumkin.
3. Ubuntu`ning jonli dvd`sida "Windows" operatsion tizimida "Ubuntu"ni dastur sifatida oʻrnatib koʻrish imkoni mavjud. Bu xususiyatni oʻzim ishlatib koʻrganim yoʻq, lekin eshitgandim.
4. "Virtual server" hosil qilib, "Ubuntu"ni oʻrnatib koʻrish mumkin.  Masalan, 
VMware Workstation dasturini tavsiya qilishim mumkin.

Friday, August 16, 2013

Odnoklassniki`ning foyda va zarari

Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmogʻi haqida aytilmagan gap, oʻxshatilmagan qiyos qolmadi desak ham boʻladi, televideniyedan uning zararli taraflari haqida koʻrsatuv qoʻyishdi, lekin natija yoʻq. Hali ham odamlar foydalanishyapti. Shu paytgacha orttirgan hayotiy tajribam shu xulosaga keldimki, inson zoti qancha tejamkor boʻlmasin, lazzat uchun, koʻp narsalardan toymaydi. Masalan, koʻpchilik aroqning zararini biladi, lekin ba`zilar bilib turib uning kayfini surishga harakat qiladi. Aslida uning oʻrniga boshqa foydaliroq meva sharbatlarini tatib koʻrsa ham boʻladi. Qisqasi, odnoklassniki ham alkogol va narkotiklarga oʻxshaydi. Koʻpchilik uning zararli taraflarini biladi, lekin oʻzini tutib tura olmaydi.
Uning ham oʻziga yarasha foydali va zararli taraflari bor. Masalan foydali taraflari:
1. Bir "twit"da "Odnoklassniki yoshlarga internetni oʻrgatdi" deyilgandi. Toʻgʻri gapga nima ham derdik. Yomon odamdan ham yaxshi narsalarni oʻrganish mumkin.
2. Koʻpchilik dom-daraksiz ketgan doʻstlarini, uzoqlashgan yaqin insonlarini, "sinfdosh"larini topadi. Ular bilan suhbat oʻtkazadi. Ishdan charchab chiqqan koʻpchilik "ok.ru"da valaqlab, stresslarni kamaytiradi.
3. Ba`zi qobiliyatli kishilar turli fikrlarini qoldirib, oʻz iste`dodlarini namoyish qiladilar. Ba`zi savodsizlarcha, imlo xatolariga boy yozilgan soʻzlarda ham juda kuchli "original" fikrlar uchrab turadi. Qishloqlarda elektr toki oʻchib qolganda, koʻpchilik uchun telefon ermak hisoblanadi.
Zararli taraflari:
1. Koʻpchilik yoshlar koʻpgina vaqtini sarflab qoʻymoqda. Shakarning ham ozi yaxshi deganlaridek, har narsada me`yor boʻlishi kerak.
2. Koʻpchilik internet deganda "odnoklassniki"ni tushunadi. Hatto "odnoklassniki"da sayting bormi" deyish odat tusiga kirib qolgan.
3. Ijtimoiy sayt savodsizlarcha oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Imlo va grammatik xatolarni istagancha topish mumkin. Koʻpchilik oʻzbekistonliklar ushbu saytga muntazam kirib turishadi. Saytdagi xato soʻzlarni har kuni koʻraverishganidan keyin oʻsha soʻzning xato varianti miyalariga oʻrnashib, ular ham xuddi shunday xato yoza boshlashadi, shuning uchun ushbu ijtimoiy tarmoq egalariga qat`iy talab qoʻyilishi kerak. "Odnoklassniki.ru" sifatli va savodli ravishda oʻzbek tiliga oʻgirilishi kerak.