Friday, August 16, 2013

Odnoklassniki`ning foyda va zarari

Odnoklassniki.ru ijtimoiy tarmogʻi haqida aytilmagan gap, oʻxshatilmagan qiyos qolmadi desak ham boʻladi, televideniyedan uning zararli taraflari haqida koʻrsatuv qoʻyishdi, lekin natija yoʻq. Hali ham odamlar foydalanishyapti. Shu paytgacha orttirgan hayotiy tajribam shu xulosaga keldimki, inson zoti qancha tejamkor boʻlmasin, lazzat uchun, koʻp narsalardan toymaydi. Masalan, koʻpchilik aroqning zararini biladi, lekin ba`zilar bilib turib uning kayfini surishga harakat qiladi. Aslida uning oʻrniga boshqa foydaliroq meva sharbatlarini tatib koʻrsa ham boʻladi. Qisqasi, odnoklassniki ham alkogol va narkotiklarga oʻxshaydi. Koʻpchilik uning zararli taraflarini biladi, lekin oʻzini tutib tura olmaydi.
Uning ham oʻziga yarasha foydali va zararli taraflari bor. Masalan foydali taraflari:
1. Bir "twit"da "Odnoklassniki yoshlarga internetni oʻrgatdi" deyilgandi. Toʻgʻri gapga nima ham derdik. Yomon odamdan ham yaxshi narsalarni oʻrganish mumkin.
2. Koʻpchilik dom-daraksiz ketgan doʻstlarini, uzoqlashgan yaqin insonlarini, "sinfdosh"larini topadi. Ular bilan suhbat oʻtkazadi. Ishdan charchab chiqqan koʻpchilik "ok.ru"da valaqlab, stresslarni kamaytiradi.
3. Ba`zi qobiliyatli kishilar turli fikrlarini qoldirib, oʻz iste`dodlarini namoyish qiladilar. Ba`zi savodsizlarcha, imlo xatolariga boy yozilgan soʻzlarda ham juda kuchli "original" fikrlar uchrab turadi. Qishloqlarda elektr toki oʻchib qolganda, koʻpchilik uchun telefon ermak hisoblanadi.
Zararli taraflari:
1. Koʻpchilik yoshlar koʻpgina vaqtini sarflab qoʻymoqda. Shakarning ham ozi yaxshi deganlaridek, har narsada me`yor boʻlishi kerak.
2. Koʻpchilik internet deganda "odnoklassniki"ni tushunadi. Hatto "odnoklassniki"da sayting bormi" deyish odat tusiga kirib qolgan.
3. Ijtimoiy sayt savodsizlarcha oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Imlo va grammatik xatolarni istagancha topish mumkin. Koʻpchilik oʻzbekistonliklar ushbu saytga muntazam kirib turishadi. Saytdagi xato soʻzlarni har kuni koʻraverishganidan keyin oʻsha soʻzning xato varianti miyalariga oʻrnashib, ular ham xuddi shunday xato yoza boshlashadi, shuning uchun ushbu ijtimoiy tarmoq egalariga qat`iy talab qoʻyilishi kerak. "Odnoklassniki.ru" sifatli va savodli ravishda oʻzbek tiliga oʻgirilishi kerak.

1 comment:

Unknown said...

Davomiga http://bilimdon.blogspot.com/2013/05/internetda-otirib-quyidagi-maqolalarga.html mashuni o'qisak ham buladi :)))