Friday, December 30, 2011

Subtitrlarni tahrirlash

So'ngi kunlarda ta'tilda bo'lganim sababli turli dasturlar tarjimasi bilan birga ingliz tilidagi filmlarni ham tomosha qilayapman. Ba'zi filmlarni ham ingliz tilida, ham rus tiida tinglab tomosha qilish mumkin. Filmni bir yoki bir nechta tilda ekanligini tekshirib ko'rmoqchi bo'lsangiz, "VLC" mediya pleyerida "Audio -> Audio Track"dan ko'rish mumkin. Bu yerdan (agar mavjud bo'lsa) boshqa tilidagi tarjimasini ham eshitish mumkin.
Shuningdek, ba'zilarini subtitr bilan ingliz tilida ko'rish ham mumkin. Agar subtitr bo'lmasa, ularni google.co.uz dan qidirish mumkin. Masalan, menga "I, robot" filmining subtitiri kerak. Buning uchun www.google.co.uz qidiruv tizimiga "english subtitle i, robot" deb kiritish mumkin. Google sizga ko'pgina subtitrlar mavjud saytlarni taklif qiladi. Ularning ichidan o'zingizga keraklisini tanlab oldingiz, lekin u ikkita cd uchun, ya'ni bir film ikkiga bo'lingan holat uchun bo'lishi mumkin. Yoki subtitrdagi so'zlar lavhalardan oldin yoki keyinroq paydo bo'layapti. Siz subtitrlarni kinoga moslashtirishingiz kerak. Bunday holga men ilgari ko'p bora duch kelgandim. Oxirgi kunlarda bo'sh vaqtlarim ko'p bo'lganligi uchun "Ubuntu"da ushbu muammoni hal qilishga urinib ko'rdim. Internetdan izlab-izlab "Gaupol subtitle editor" dasturini topdim. Ushbu dastur orqali subtitrlarni filmga moslashtirishingiz, ikkita subtitrni birlashtirishingiz, vaqtlarni o'zgartirishingiz, shuningdek, o'zbek yoki boshqa tilga tarjima qilishingiz ham mumkin. Men ushbu dasturdan foydalangan holda bir nechta subtitrlarni filmlarga moslab oldim. Balkim, sizga ham foydasi tegib qolar. Ha, aytgancha, hozir "I am robot" badiiy filmini subtitri bilan tomosha qilishim kerak.

No comments: