Wednesday, April 1, 2015

Onlayn ta’lim

O‘qishga kira olmadingizmi? Tushkunlikka tushmang. Dunyoning mashhur kompaniyasi Google ham ishchilarining diplomiga qarab emas, qobilyatlariga qarab ishga olar ekan. Shunday kasblar borki, ularni oliy ma’lumotli bo‘lmasdan ham egallash mumkin.  Hatto oliy ma’lumotli kishilardan ko‘ra yaxshiroq pul ishlab topish mumkin. Ilm olish uchun turli o‘quv maskanlariga yoki chet davlatga chiqish ham shart emas. Buning uchun insonda yetarlicha qobiliyat va ishtiyoq, ingliz yoki rus tillarini bilish, internetga ulanish va, albatta, kompyuter yoki planshet kerak bo‘ladi. Ta’lim uchun pul sarflashingiz shart emas, faqat internet uchun to‘lagan pulingizni hisobga olmasak.
Men quyida keltirgan saytlar orqali tekinga bilim olishingiz, malakangizni oshirishingiz va oxirida sertifikatga ham ega bo‘lishingiz mumkin.


 1. Intuit. Rasmiy sayti: www.intuit.ru
Oliy ta’lim va ikkinchi oliy ta’limni olish imkoniyati mavjud bo‘lgan, shuningdek, professional qayta tayyorlash va malakani oshirish imkoniyatlarini taqdim qila oladigan yirik Rossiya internet-universitetidir.
To‘liq o‘qish pullik, ammo intuit saytida turli sohadagi: informatika, fizika, matematika, iqtisodiyot va falsafa bo‘yicha 500 dan ortiq kurslarni bepul o‘qish (tinglash) mumkin. Hozirgi kunda ko‘pgina kurslar video darslar shaklida ham berilmoqda. Ta’lim kurslarini tugatganda bepul elektron sertifikat olish mumkin. Shaxsan o‘zim bu sayt orqali sertifikat olmaganman, lekin ba’zi do‘stlarimizning Html va PHP bo‘yicha o‘quv kurslarini bitirib sertifikatlarga ega bo‘lishganligining guvohi bo‘lganman. Bunday sertifikat hech ham zarar qilmaydi deb o‘ylayman. Hech bo‘lmaganda ramkaga solib, uyingizning yoki ishxonangizning devoriga ilib qo‘ysangiz, bezak bo‘ladi.


2. Twirpx. Rasmiy sayti: www.twirpx.com
Adabiyot o‘qish uchun kerakli manba. Bu yerda kam uchraydigan adabiyot namunalarini ham topish mumkin. Yuklab olish faqat ballar bilan amalga oshiriladi. Ballar esa ro‘yxatdan o‘tishda beriladi, keyin esa ularni shaxsiy materialingizni joylashtirganingizda yoki haqiqiy pulingizni kiritganingizda beriladi. Hatto ushbu to‘lovlarni to‘lasangiz ham xafa bo‘lmaysiz. Menimcha, ko‘pchilik kitob izlaganlar qidiruv tizimlari orqali ushbu saytga adashib kirib qolgan bo‘lsa kerak. Kerakli kitobni yuklab olish uchun ball talab qiladi.

3. TED. Rasmiy sayti: www.ted.com
TED qisqartma so‘z bo‘lib, ingliz tilidagi “Technology, Entertainment, Design” so‘zlarining birinchi harfidir. O‘zbek tiliga “Texnologiya, San’at, Madaniyat” kabi tarjima qilish mumkin. Ushbu konferensiyada ko‘plab ishlab chiqaruvchilar, olimlar, rassomlar, musiqachilar, muhandislar va boshqa ko‘plab insonlar sahnaga chiqishadi va o‘zlarining g‘oyalarini bo‘lishadilar. Tinglovchilarning orasida ushbu g‘oyalar uchun homiylik qiluvchilar, hamkorlik qiluvchilar ham bo‘ladi. Ba’zi videolarning o‘zbekcha subtitrlari bor. Subtitrlarda imloviy xatolar mavjud, lekin ular videoma’ruzani tushunishga ko‘p ham halaqit bermaydi.
Ushbu saytda o‘sha konferensiyalardan videoma’ruzalar berib boriladi. Bizdagi konferensiyalardan ko‘ra ancha foydaliroq. Qaniydi, bizda ham ana shunday ilmiy konferensiyalar o‘tkazilsa va internetga joylashtirilsa, homiylar tomonidan o‘sha g‘oyalar qo‘llab-quvvatlanib, amalga oshirishda yordam ko‘rsatilsa, yanada yaxshi bo‘lardi deb o‘ylayman.
 

4. Yandex maktabi. Rasmiy sayti: http://shad.yandex.ru/lectures/
Bu yerda Yandex ma’lumotlar tashxisi maktabi ma’ruzalari joylashtirilgan. Uning asosiy maqsadi aynan Yandex uchun, shuningdek, AKT industuriyasida ma’lumotlarni tashxis qilish va qayta ishlash hamda internetdan ma’lumotlarni olish bo‘yicha malakali insonlarni tarbiyalashdir. Kamina ushbu maktab imkoniyatlaridan foydalanib ko‘rmagan.
 

5. Сoursera. Rasmiy sayti: www.coursera.org
Ushbu ingliz tilidagi loyiha har xil bilimlar bosqichi bo‘yicha kurs tizimlarini o‘tkazadigan universitetlar bilan hamkorlik qiladi. Tinglovchilar faqatgina kurslarni oqibgina qolmasdan, kursdoshlari bilan gaplasha oladilar, Coursera saytida testlar  va imtihonlar topshiradilar. Coursera saytidan olingan sertifikatni mashhur www.linkedin.com saytidagi profilingizda ko‘rsatishingiz mumkin. Bu esa sizga yaxshi ish topishingizga yordam beradi. Hozirgi kunda ba’zi kurslarning video darslari kamina tomonidan o‘zbek tiliga o‘girilmoqda. Agar siz ham yordam bermoqchi boʻlsangiz, www.transifex.net saytida roʻyxatdan oʻtib, buni amalga oshirishingiz mumkin.
 

6. Xan akademiyasi. Rasmiy sayti: https://www.khanacademy.org/
Bir kuni MIT va Garvardni bitirgan qobiliyatli talaba Salmanxan boshqa shaharda yashaydigan kichkina amakivachchasini matematika fanidan qiynalishini bilib qoladi. U «YouTube» saytiga videodarslarni joylashtirib, unga yordam bermoqchi bo‘ladi va mashhur bo‘lib ketadi. Endi Xan akademiyasi saytida har xil mavzudagi 42000 dan ortiq bepul mikroma’ruzalar bor. Ulardan ko‘pchilig rus tilida ham mavjud. Ushbu ma’ruzalarni oʻzbek tiliga oʻgirish uchu www.crowdin.net saytida roʻyxatdan oʻtib, amalga oshirish mumkin. Roʻyxatdan oʻtganingizdan soʻng, u yerdagi qidiruv funksiyasidan foydalanib, kerakli tarjima loyihasini topib, oʻzbek tiliga oʻgirish mumkin.
Yuqorida keltirilgan onlayn ta’lim saytlarini oʻzbek tiliga oʻgirish hozirgi kunning dolzarb muammolaridan biridir. Chunki yurtimizda bunday masofaviy ta’lim saytlari juda ham kam, borlari ham talab darajasida emas. Bir vaqtlar kamina shunaqa oʻzbek tilidagi masofaviy ta’lim saytiga bir ustozimizning tavsiyasi bilan kirdim va informatika fani boʻyicha darslarni koʻrib chiqdim. U yerda shunaqa savol bor edi: “Axborot” soʻzi qaysi tildan olingan?” Ingliz tilidagi “information” soʻzidan olingan degan javob toʻgʻri berilgan edi. Ona tili va adabiyot fani oʻqituvchisi boʻlganim uchunmi, negadir, ushbu saytdan koʻnglim qolgan edi. Chunki “Axborot” soʻzi fors-tojikcha “xabar” soʻzining koʻplik shaklida “axbor”ga yana bitta koʻplik shakli “-ot” qoʻshimchasi qoʻshilishi natijasida hosil boʻlganligini bir vaqtlar fors tili oʻqituvchimiz aytib oʻtgandi. Oʻsha soʻzni u saytda “informatsiya” shaklida bergan ma’qul edi. Shundan soʻng boshqa bu kabi oʻzbekcha  masofaviy ta’lim saytlariga tashrif buyurmadim.
Yuqorida ta’kidlab aytganimdek, onlayn ta’lim saytlarini oʻzbek tiliga oʻgirganimizda “bir oʻq bilan ikki quyonni” emas bir nechta quyonni urishimiz mumkin boʻladi. Masalan:
 

1. Oʻsha kurs oʻzbek tilidagi subtitri bilan paydo boʻladi.
 

2. Oʻzbek foydalanuvchilari ham boʻsh vaqtlarini rejalashtirgan holda, xohlagan vaqtlarida oʻzbekcha subtitrli videoma’ruzalarni tomosha qilib va tinglab, oʻz bilimlarini oshirish mumkin boʻladi.
 

3. Tarjimon oʻziga kerakli sohadagi videoma’ruzalarni tarjima qilish bilan birga, oʻsha ma’lumotlarga tekin ega boʻladi. Bundan tashqari oʻsha tarjima qilingan kursga rasmiy saytida obuna boʻlib, bepul sertifikatga ega boʻlishi ham mumkin. Masalan, kamina www.coursera.org saytida “Python hamma uchun” nomli python dasturlash kursi boʻyicha oʻquv kursiga obuna boʻlib imtihonlar topshiryapman. Buning ustiga www.transifex.net saytida ushbu videodarslarning subtitrini ham oʻzbek tiliga tarjima qilib boryapman. Ham tarjima qilib odamlarga yordam berish mumkin, ham sertifikat olish mumkin.
 

4. Tarjimon tarjima jarayonida ingliz tili boʻyicha bilimlarini oshirib boradi. Chunki yangi soʻzlar uchrashi mumkin. Bundan tashqari turli TOEFL yoki IELTS kabi ingliz tili imtihonlariga tayyorlanuvchi kishilarga ham bu kurslarni tarjima qilishni tavsiya qilgan boʻlardim. Bundan tashqari bunday tarjima qilgan oʻqituvchilar, pedagogik yuklamalariga darsdan boʻsh vaqtlarida amalga oshirigan tarjima ishlari haqidagi ma’lumotlarini ham yozish mumkin boʻladi.
Bugungi kungi ma’lumotga ko‘ra Coursera saytida quyidagi kurslar mavjud: Kolorado tizimi universitetidan “C# dasturlash tilida o‘yinlarni tuzishni boshlash”, Marilend universitetidan “Dastur xavfsizligi”, Melburn universitetidan “Mantiqiylik: til va ma’lumot”, Marilend universitetidan “Yangi kompaniyalar uchun tashabbuskor g‘oyalarni ishlab chiqish: malaka oshirishga birinchi qadam”, Mancherstr universitetidan “Xalqaro sog‘liqni saqlash va insonparvarlik” va turli ta’lim, iqtisodiyot, sog‘liq, fizika kabi sohalarga bag‘ishlangan kurslar mavjud. Har kim o‘ziga tegishli kursni tanlab tarjima qilishi va sertifikatga ega bo‘lishi  mumkin.
Bundan tashqari ted.com saytidagi videokonferensiyalarni ham o‘zbek tiliga o‘girish mumkin. http://amara.org/en/teams/ted/ saytida ro‘yxatdan o‘tib, o‘zbek tiliga tarjimalarni boshlab yuborish mumkin. Bu haqda http://www.ted.com/participate/translate sahifasidan ko‘proq ma’lumot olishingiz mumkin.
Shunga o‘xshagan onlayn ta’limga doir saytlarni mamlakatimizda ham tashkillashtirish va rivojlantirish kerik. Hech bo‘lmaganda bular amalga oshgunga qadar xorijiy onlayn ta’lim tizimi saytlarini o‘zbek tiliga o‘girgan ma’qul deb o‘ylayman.
Yurtimizda ham www.utube.uz saytida o‘rganish mumkin bo‘lgan ma’lumotlar, videolar bor, lekin bular hali yetarli darajada emas va yanada e’tibor qilish kerakligini talab qiladi. Ba’zi fidokor insonlar tomonidan www.youtube.com saytiga kompyuter sohasida turli bilim beruvchi darslar joylashtirilgan, lekin u tas-ix’dan tashqarida bo‘lganligi uchun foydalanuvchilarga biroz noqulaylik tug‘dirishi va ortiqcha pul sarflanishiga sabab bo‘lishi mumkin.
Menimcha, yuqorida keltirilgan tajribalardan foydalanib, yurtimizda ham ana shunday ta’lim olish usullarini rivojlantirish kerak. Hech bo‘lmaganda ularni rivojlanturguncha,  turli internet provayderlarimiz tas-ix tarmog‘i bilan birga ana shunday bepul onlayn ta’lim olish imkoni bo‘lgan saytlardan foydalanishni tekin qilishsa, shunday ham vaqtini turli tarmoqlarda sarflayotgan yoshlarimizning ozroq bo‘lsa-da ilm olishlariga yordam ko‘rsatgan bo‘lardi deb umid qilaman.


addme.ru saytidan tarjima qilindi va qo‘shimcha fikrlar qo‘shildi

2 comments:

Unknown said...

Yaxshi ma"lumotlar bergansiz. Biror gazetada chop etdingizmi shu ishingizni?

Akmal (akmalxster) said...

Fikringiz uchun rahmat. Toshkent iqtisodiyot univeritetida o‘tkazilgan konferensiyaga bergandim, lekin hozircha birorta gazetaga berganimcha yo‘q.