Saturday, April 21, 2012

"Ubuntu"ning yutuqlari

Men, "notebook"imda, asosan, "Ubuntu 11.10"dan foydalanaman. Ba`zi vaqtlardagina undagi "Windows 7"dan foydalanishga majbur boʻlaman.
Qisqasi, asosiy vaqtim linuxda oʻtadi. Bunga quyidagi yutuqli taraflari sabab:


1. Ubuntu tez ishlaydi. Dars vaqtida oʻquvchilarga birorta video yoki rasmni koʻrsatish uchun yoqish va oʻchirish juda tez amalga oshadi. Undan tashqari tizimning oʻzbek tilida ekanligi ham baʻzida bolalarning diqqatini oʻziga jalb qiladi.


2. Ubuntu - oʻzbek tilida. Hozirda ushbu tizim oʻzbek kirill alifbosida tarjima qilinmoqda. Sal keyinroq lotin alifbosida ham paydo boʻladi. Baʻzi tarjimalarda kirill va lotin alifbosi aralashgan deb oʻylashingiz mumkin. Bu xatolar hozirgi kunda tuzatilgan. Faqat tizimning birinchi tiliga "uz@cyrillic" va ikkinchisiga "uz" qoʻygan boʻlsangiz, u kirill alifbosidagi tarjimalarni koʻrsatadi. Agar kirill alifbosida tarjimalar boʻlmasa, ikkinchi til "uz"dagi lotin alifbosidagi tarjimalarni koʻrsatadi. U yerda ham tarjima boʻlmasa, uchinchi koʻrsatilgan tildagi tarjimalarni koʻrsatadi.
Siz "Windows"ning ham oʻzbek tilidagi varianti bor deyishingiz mumin, lekin uning oʻzbek tilidagi varianti oʻta savodsizlik bilan oʻzbek tiliga oʻgirilgan. Men bunday tizimdan, ona tilimni ustidan kulingan tarjimalardan foydalanishni xohlamayman.


3. Ubuntu - erkin va ochiq kodli dasturiy ta`minot.  Bu xususiyati ham menda tekin operatsion tizimdan foydalanayotganligim va uning rivojiga hissa qoʻshayotganligim uchun faxr tuygʻusini uygʻotadi.


4. Ubuntu kirill alifbosidagi matnlarning imlosini tekshiradi. Ba`zida kirill alifbosidagi matnlarni yozishga toʻgʻri keladi. Ana shunday vaqtda menga imlo xatolarini koʻrsatishi juda yordam beradi. Toʻgʻri, gaplarni bir-biriga bogʻlanishini, sintaktik xatolarni koʻrsata olmaydi, lekin soʻzlarning yozilishidagi xatolarni koʻrsatgani ham ancha yordam beradi. Savodli insonlar kompyuterda bexato yozishi mumkin, lekin har qanday inson ham baʻzida texnik xatolarni bilmasdan qilib qoʻyishi mumkin. Ana shunday holatda, Ubuntu sizga xatolaringizni koʻrsatadi.


5.  "Windows" viruslari linuxda ishlamaydi. "Windows" operatsion tizimida viruslar joningizga tegib ketadi. Ubuntuʻda esa u viruslar zarar yetkaza olmaydi, chunki fayl tizimi boshqa. Bundan tashqari tez-tez yangilanishlar chiqib turadi. Linux yadrosi tez-tez oʻzgaradi. Eski yadroda ishlagan viruslar yangisida ishlay olmay qoladi. Baribir, 100% viruslar yoʻq deb aytib boʻlmaydi. Shu sababli, tizim xavfsizligini yanada kuchaytirmoqchi boʻlsangiz,  "ClamTK" , "Avast" va "Avira" kabi antiviruslarni ishlatib koʻrish mumkin.


6. Ubuntuʻning kodlarini oʻzgartirish va oʻzingizga moslashingiz mumkin.  Bu xususiyat oddiy foydalanuvchilar uchun qiyinroq boʻlishi mumkin, lekin nima boʻlganda ham tizimni oʻzingizga xohlaganingizdek moslashingiz mumkin boʻladi. Xohlasangiz, oddiy kompyuteringizni server sifatida ham moslay olasiz. Xohlasangiz, dasturlarni oʻzgtira olasiz. Men "squid" proksisi orqali tarmoqdagi barcha kompyuterlarga porno saytlarga kirishni taqiqlab qoʻygandim. Hatto xohlagan kompyuteringiz uchun belgilangan miqdorda traffik va cheklov oʻrnata olasiz. Xohlasangiz, tizim yuklanishini oʻzgartirishingiz mumkin. Qisqasi, kallangizga kelgan gʻoyalarni amalga oshira olasiz. Faqat sizdan ozroq malaka, bilim va harakat talab qilinadi. Shu sababli ham linuxning koʻpgina versiyalari paydo boʻlgan.


7. Muammolarni hal qilishda linux hamjamiyati sizga yordam beradi. Agar internetni kovlashtirib koʻrsangiz, juda-juda koʻp maʻlumotlarni topasiz. Oʻzbek tilida juda kam, lekin forum.open.uz forumida sizga beminnat yordam berish, bilim va malakalarini almashish uchun kuniga ancha kishi kirishadi.


8. Windows dasturlarini linuxda ham ishlatish mumkin. Buning uchun "Wine" dasturini ishlatish tavsiya qilinadi. Agar siz "Adobe Photoshop", "Macromediya Flash" va shunga oʻxshash dasturlarni ishlatishga oʻrganib qolgan boʻlsangiz, sizga, albatta, foydasi tegadi.


9. Printerda chop qilish taqiqlangan .pdf fayllarni Ubuntuʻda bemalol chop qilish mumkin. Bu xususiyatni shaxsan oʻzim sinab koʻrganman. Internetdan turli .pdf formatdagi kitoblarni chop qilishga toʻgʻri kelsa, baʻzida "Chop qilish" funksiyasi oʻchirilgan boʻladi. Siz oʻsha faylni "Evince" hujjat koʻruvchi dasturi bilan ochib, bemalol printerdan bosib chiqarish mumkin.


10. Windows OT uchun chiqarilgan dasturlarning linux uchun tekin variantlari mavjud. Ularga xohlagancha misol keltirish mumkin. Microsof Office - Libre office, Adobe Photoshop - Gimp, Delphi - Lazarus, 3d max - Blender, Corel Draw - Inkscape va boshqalar.

Ushbu roʻyxatni yana istagancha davob ettirish mumkin, lekin har kim oʻz fikrida qolaveradi. Windows foydalanuvchilari baribir Windowsni maqtashadi. Men sizlarning fikrlaringizni oʻzgartirmoqchi emasman, shunchaki linuxning imkoniyatlari haqida maʻlumot bermoqchiman, xolos.

No comments: