Saturday, February 11, 2012

Linuxni tanlash uchun 10 sabab


Windows va Linux amaliyot tizimlari kompyuterdan foydalanuvchilar o‘rtasida doimiy bahslarga sabab bo‘lib kelgan. Ularning qaysi birini tanlagan ma'qul? Quyida e'tiboringizga havola etiladigan 10 tavsiya Linuxning afzallikllari xususida.

1) Linux – eng xavfsiz tizim. Darhaqiqat, amaliyot tizimini ishlab chiqishning dastlabki bosqichlaridayoq xavfsizlikka katta e'tibor berilgani bois Linuxni bemalol fundamental xavfsiz tizim deb atash mumkin. Ayniqsa, kompyuteringizda muhim va maxfiy hujjatlar bilan ishlasangiz amaliyot tizimingizni Windowsga almashtirishga shoshilmaganingiz maqsadga muvofiqdir.

2) Linux tizimlari oilasi tezkorligi bilan shuhrat qozongan. Shu bois sermahsul faoliyat yuritish uchun kuchli va qimmat qo‘shimcha uskunalar xarid qilishga hojat qolmaydi. Bu amaliyot tizimining bir shaklidan ikkinchisiga o‘tishda kompyuterning apparaturasiga o‘zgartirishlar kiritish talab etilmaydi. Ajoyib grafik effektlardan bahramand bo‘lish uchun oddiygina netbuk ham kifoya.

3) Linux foydalanuvchisimisiz? Unda bepul dasturiy ta'minotlar dunyosiga xush kelibsiz! Bepul pishloq faqat qopqonda bo‘ladi deyishga oshiqmang. To‘g‘ri, bunday soft har doim ham Windows platformasidagi pulli dasturlar o‘rnini bosa olmaydi. Biroq linukschilar qo‘l qovushtirib o‘tiradigan anoyilardan emas, o‘rganishyapti, izlanishyapti. Ularning dastur kodi ochiq bo‘lib, softlarni istagancha, xilma-xilini tanlab olishga imkon beradi. Tasavvur qiling-a, dasturning qonuniy (legal) nusxasidan mutlaqo bepul foydalanishingiz mumkin. Bunaqasi qayda bor?!

4) To‘g‘ri sozlangan Linux ishdan chiqmaydi. Demak, siz tasodifiy xatoliklar sabab kompyuter tizimingiz «osilib qolishi» yoki qayta yuklanishidan cho‘chimasdan bamaylixotir ishlayversangiz bo‘ladi. Ayniqsa, kompyuterda asosan hisobotlar, ma'ruzalar, kurs ishlari, referatlar va hokazolarni tayyorlovchilar uchun bundan ma'quli yo‘q. Aytishlaricha, Linuxni 200 kungacha qayta yuklamasdan ishlatish mumkin ekan (biz sinab ko‘rmadik).

5) Grafik muhitidagi bunchalik ko‘p rang-barang sozlanmalarni boshqa hech bir tizimda uchratmaysiz. Har bir foydalanuvchi ochiq kodi tufayli tizimining o‘ziga xos va takrorlanmasligiga erishishi mumkin.

6) Linuxning fayl tizimi ko‘p imkoniyatlarni taqdim etadi. Masalan, Linuxda uzoq vaqt davom etadigan zerikarli defragmentatsiyani amalga oshirish talab etilmaydi. Buning o‘rniga qimmatli vaqtingizni biron-bir foydali mashg‘ulotga sarflashingiz mumkin.

7) Aynan ochiq kodi bois Linuxning juda ko‘p distributivlari ishlab chiqilgan. Ularning har biri muayyan maqsadlarga yo‘naltirilgan. Har kim o‘zi uchun mos, ish samaradorligini oshiruvchi shaklini tanlab olishi mumkin.

8) O‘rnatib bo‘lgach, distributivda o‘zingiz kutgan natijani ko‘rmasangiz, uncha xafa bo‘lmang. Negaki, Linux tizimlari oilasini «qo‘lga o‘rgatish» juda oson. Tizimni sozlashga 1-2 kun vaqtingiz ketsa hamki, oxir-oqibat orzuingizdagi tizimni qo‘lga kiritasiz. Bu unchalik mushkul ish emas.

9) Aksariyat distributivlar mutlaqo bepul tarqatiladi. Siz ularni internetdan yuklab olishingiz, pochta orqali buyurtma asosida olishingiz yoki bo‘lmasa ramziy to‘lov evaziga qo‘lga kiritishingiz mumkin. Yangilanishlar aniq davriylikda amalga oshadi, bunisi ham bepul.

10) Albatta, Linuxda ishlash qo‘shimcha ko‘nikmalarni talab etadi. Har doim ham qurilmalar ko‘ngildagidek ishlayvermaydi, tizimdagi avtosozlashlar foydalanuvchiga noqulayliklar tug‘dirishi ehtimoldan yiroq emas. Ajoyib texnik qo‘llab-quvvatlash tizimi, yordamga shay insonlar to‘planuvchi ko‘plab forumlar bo‘lajak foydalanuvchini jalb etishi turgan gap. Bir so‘z bilan aytganda, Linux foydalanuvchilari hamjamiyati juda do‘stona va chiqishimli jamiyat.

Tanlov hukmi o‘zingizga havola, faqat bir qarorga kelishdan oldin amaliyot tizimining barcha afzallik va kamchiliklarini e'tibordan qochirmang – shunda marra sizniki.
Sobit AHADOV tayyorladi.  Manba

2 comments:

Nurali said...

sudo салом: Акмал линуксни энг хавфси тизим дебсиз. хар холда бу унчалик хакикатга якин эмас. Уни урнига windowsга караганда хавфсизрок дейилса тугри буларди.

Akmal Xushvakov said...

Bu mening fikrim emas. Bu maqola boshqa saytdan olingan. Men ushbu blogimda o'zbekcha linuxga oid maqolalarni toʻplashga harakat qilganman.