Sunday, March 25, 2012

"Ubuntu" tarjimalariga hissangizni qoʻshing!


Assalomu alaykum, coder.uz hamjamiyati a`zolari! Aprel oyining oxirgi kunlarida "Ubuntu 12,04" e`lon qilinadi. Agar sizlardan biror kishi ingliz tilini yaxshi bilsa yoki "Ubuntu" operatsion tizimidan foydalanayotgan boʻlsa, "Ubuntu" tarjimalariga oʻz hissalarini qoʻshishlarini iltimos qilamiz. Bizning oldimizda turgan asosiy maqsadlardan biri operatsion tizimni oʻrnatish jarayonini oʻzbek tiliga oʻgirish. Undan keyingiz vazifa esa, eng koʻp ishlatiladigan dasturlarni oʻzbekchalashtirish. Anchaginda dasturlarni oʻzbekchaga oʻgirib chiqdik, lekin hammasiga ulgurish qiyin. Vaqt esa oz qolmoqda. Bizga yordamlaringiz kerak.
Mana bu yerda hozirgacha amalga oshirilgan tarjimalar .mo formatida berilgan.
Yuklab olish
 Ushbu fayllarni arxivdan ajratib, "Ubuntu"da /usr/share/locale/uz/LC_MESSAGES jildini ichiga tashlang va tizimingizning asosiy tilini "Uzbek", 2-tilni esa, "Uzbek - cyrillik" qilib tanlang (Tizim moslamalari -> Tillardan foydalanishʻdan amalga oshiriladi). Operatsion tizimingizdagi koʻpgina dasturlari oʻzbek tilida paydo boʻladi.
Tarjima qilish uchun ushbu linkni ochib koʻring. Tarjimalarni amalga oshirish uchun www.launchpad.net da roʻyxatdan oʻtishingiz kerak. Undan soʻng "Ubuntu Uzbek Translators” guruhiga qoʻshilishingiz kerak.
Fikrlaringizni kutib qolaman.

Wednesday, March 21, 2012

Halisa qanday qilinadi?

Мени блогимда фақатгина линукс ва очиқ кодли дастурий таъминотлар ва уларни таржима қилиш, фойдаланиш ҳақида мақолалар беришга, уларни тўплашга ҳаракат қилгандим, лекин бугун шу анъанани бузиб, ҳалиса номли таомнинг тайёрланиши ҳақида тўхталиб ўтмоқчиман. Бу таомни мен илгари ҳеч қачон татиб кўрмаганман, ҳатто тасаввур ҳам қила олмаганман. Фақатгина лицейимизда бўлган наврўз байрамида ушбу овқатнинг тайёрланишини кўриб, гувоҳи бўлганман. Аёллар сумалакни, эркаклар ҳалисани тайёрлашди.  Сизларда ҳам балким ушбу таом ҳақида тасаввур йўқдир. Шунинг учун бошладим:
1. Битта қўй сўйилиб, суяклари гўштдан ажратиб чиқиларкан. Бизнинг қўйимиз 34 кг чиқди. У ёғ солинган қозонга солиниб, қовуриларкан.

Кейин, адашмасам, буғдой солинарди. Ушбу ҳолат амалга оширилаётганда мен иш билан чиқиб кетгандим. Шундан сўнг капкир билан қўзғаб, қовурила бошланаркан.


Ёғоч болғачага ўхшаш ускуна билан қўзғалавераркан, қўзғалавераркан. Жуда кўп меҳнат қилишга тўғри келаркан. Одамлар навбати билан қўзғайверар экан. Охири аталага ўхшаб, оқ рангга кириб сақичдек чўзила бошларкан. Қисқаси эрталаб бошланган овқат, кечқурунга бориб тайёр бўларкан.


Охири устини ёпиб, димлаб қўйишаркан, лекин афсуски, бу йил ушбу таомни еб кўриш насиб қилмаган экан.

Tuesday, March 6, 2012

Sayyoramizdagi eng birinchi Linux’chi — Linus Bеnеdikt Torvalds


Axborot tеxnologiyasi olamida vaqt juda tеz o‘tadi. 22 yoshida butun jahonga eng ommaviy «erkin» — OS Linux opеratsion tizimi yaratuvchisi, o‘sha davrda hali Xеlsinki Univеrsitеtining talabasi — Linus Torvalds, 40 yoshga to‘lmay turib, AQSH kompyutеrlar tarixi Muzеyining shuhratlar zalidagi mashhur insonlar safiga kirgan dunyodagi eng yosh kishiga aylanadi dеb kim o‘ylabdi.
Linus Torvaldsning jahon hamjamiyati oldidagi xizmatlari nimadan iborat?
U yozgan Linux opеratsion tizimi yadrosining birinchi vеrsiyasi intеllеktual mulk an’anaviy prinsipial tuzilishiga raqobatchilik qilgan ochiq dastlabki kodi dasturiy ta’minot rivojlanishi uchun turtki bo‘ldi. Linusning tarjimai holi ham juda qiziqarli.
akt_30_11_2010_4
Linus Bеnеdikt Torvalds 1969-yil 28-dеkabr kini Xеlsinki (Finlyandiya) shahrida tug‘ildi. Torvaldsning ota-onasi, shvеd millatiga mansub, finlyandiyalik Nils va Anna Torvaldslar o‘tgan asr 60-yillarida talaba bo‘lganlar, otasi siyosat bilan shug‘ullanib, 70-yillarning o‘rtalarida Linus bilan birga, bir yil Moskvada faoliyat yuritgan.
Linusning ismini amеrikalik kimyogar Laynus Poling sharafiga qo‘yganlar. Maktabda fizika va matеmatika fanlarini yaxshi o‘zlashtirgan. Tabiatan kamgap, kamtarin bola bo‘lgan. Uning otasi siyosiy qarashlari bilan ko‘pincha uning izzat-nafsiga tеgardi.
1988-yilda Linus Xеlsinki Univеrsitеtiga o‘qishga kiradi, univеrsitеtni 1996-yilda tugatib, kibеrnеtika magistri darajasini oladi.
Bugungi kunda Linus Torvalds karate bo‘yicha olti karra Finlyandiya chеmpioni va Linusning sobiq talabasi, rafiqasi Tuvе (fin. Tove) va uchta qizi bilan Portlеnd shahri (AQSH, Orеgon shtati)da yashaydi.
1997-yil fеvral oyidan 2003-yil iyun oyigacha Linus Torvalds «Transmeta Corporation» kompaniyasida ishlagan, shundan so‘ng «Open Source Development Labs» (hozirgi — «The Linux Foundation») kompaniyasiga ishga o‘tadi. Linux Foundation Bivеrtonda (ingl. Beaverton) joylashgan bo‘lsa ham, Torvalds ko‘pincha uyida ishlaydi.
Linus Torvaldsning shaxsiy tumori —Tuks pingvini (ingl. Tux), u «Linux» ramzi ham hisoblanadi. O‘zining «Just for Fun» kitobida Torvalds kunlardan birida hayvonot bog‘ida uni pingvin cho‘qib olganligi uchun pingvinni tumor qilib olgani haqida yozadi.
1981-yilda Linusning buvasi matеmatik Lеo, nabirasini o‘zining matеmatik hisoblashlarda foydalanadigan «Commodore VIC-20» elektron hisoblash mashinasi (EHM) bilan tanishtiradi. Shundan so‘ng Linus dasturlashtirish bilan qiziqib qoldi va mashina qo‘llanmasini o‘qib chiqdi. U kompyutеr bo‘yicha jurnallarni o‘qiy boshladi va avvaliga BASIC kеyin esa assеmblеrda o‘zining shaxsiy dasturlarini yoza boshlaydi.
Maktab yoshidan Linus matеmatika fani bo‘yicha muvaffaqfiyatlari uchun stipеndiyalar olgandi. Birinchi sotib olgan EHM’ning o‘sha davrda bahosi dеyarli 2000 AQSH dollaridan iborat bo‘lgan — «Sinclair QL» qurilmasi edi.
Maktabni tugatib, Linus Xеlsinki univеrsitеtining informatika kursiga o‘qishga kiradi. So‘ng bir yil harbiy xizmatda bo‘ladi.
Endryu Tanеnbaumning «Opеratsion tizimlar: ishlab chiqish va amalga oshirish» (Operating Systems: Design and Implementation) kitobini o‘qib chiqishi Torvaldsning hayotidagi muhim hodisa bo‘ldi. Kitobda Tanеnbaum tomonidan yozilgan «Minix» OT misolida UNIX turkumi tizimlari tuzilishi taqdim etilgan. Linus o‘qiganlariga juda qiziqib qoladi. Kеyinchalik u 386 protsеssori asosidagi yangi kompyutеr sotib oladi va «Minix» opеratsion tizimini o‘rnatadi.
Tizimdagi kamchiliklarni aniqlab, shaxsiy tеrminal emulyatorini yoza boshlaydi, unda vazifalarni o‘zgartirishni amalga oshiradi. Shundan so‘ng Linus dasturga yangi va yangi funksiyalarni qo‘shib boradi, bularning hisobiga tеzlikda dastur to‘laqonli opеratsion tizim xususiyatlariga ega bo‘lib boradi.
1991-yil 17-sеntabr kuni Linus umumiy foydalanish uchun dasturning dastlabki kodi (0.01 vеrsiyasi)ni taqdim etadi. Tizim darhol katta qiziqish uyg‘otadi. Yuzlab, kеyinchalik minglab dasturchilar tizimga qiziqadilar (dastur dirеktoriyasini, boshqa variantlar mavjud bo‘lmaganligi sababli, «Linux» dеb ataydilar) va uni yaxshilash hamda to‘ldirish ustida ishlay boshlaydilar. U GNU — GPL jamoatchilik litsеnziyasi shartlari bilan tarqalib kеlgan va hozirgi kungacha tarqalib kеlmoqda.
«Minix» muallifi, profеssor Endryu Tanеnbaum kutilmaganda tizim dizaynini qattiq tanqid qilib chiqadi:
«1991-yilda monolit yadro yaratilishi — fundamеntal xato dеb hisoblashda davom etaman. Siz mеning talabam bo‘lmaganingizga shukur qiling: bunday dizaynga yuqori baho qo‘ymagan bo‘lardim :-) » (Linus Torvaldsga xatdan). O‘z kuzatishlarini Tanеnbaum «Linuks eskirib qolgan» dеgan sarlavha bilan ataydi.
Monolit yadrodan tashqari, Tanеnbaum «Linux»ni ko‘chirib o‘tilishi mumkin emasligi uchun ham tanqid qiladi. Tanеnbaum 80 x 86 protsеssorlari RISC arxitеkturasiga o‘rnini bo‘shatib, yaqin kеlajakda yo‘q bo‘lib kеtishini bashorat qiladi.
Tanqid Torvaldsga kuchli ta’sir qiladi, axir Tanеnbaum mashhur profеssor bo‘lgan va uning fikri ahamiyatga ega bo‘lgan. Biroq ushbu masalada u xato qilar edi, Linus Torvalds esa o‘zini haq dеb hisoblaydi.
Linus tomonidan yozilgan yadroning ochiqligi uni 1983-yilgacha mavjud bo‘lgan UNIX tizimi erkin varianti loyihasi GNU ishlanmalari bilan (GCC kompilyatorlari, OT baza utilitlari) birgalikda foydalanish imkonini bеrdi (ushbu butun tizim ko‘pincha «Linux» dеb ataladi, ammo uni «GNU\Linux» dеb atash to‘g‘riroq bo‘lardi). Tizimning mashhurligi oshib bordi va kеyinchalik butun jahonda jurnalistlar uni tez-tez tilga ola boshladi. «Linuks» va Linus mashhur bo‘lib kеtdi.
Torvalds «Linux» savdo bеlgisiga egalik qiladi va «Linux International» notijorat tashkiloti orqali hamda butun jahonda «Linux» foydalanuvchilari yordamida undan foydalanishni kuzatib boradi.
akt_30_11_2010_5
Hozirgi kunda «Linux» tizimi yadrosining faqatgina ikki foizga yaqini Torvalds o‘zi tomonidan yozilgan, ammo yadro rasmiy tarmog‘iga o‘zgartirish kiritish haqida qaror qabul qilish huquqi uning qo‘lida.

Мустақил халқ учун эркин тизим


“Фикр инсоннинг шарофатлик,
ғайратлик бўлишига сабаб бўладур”
Абдулла Авлоний.
linlogoДунёда шахсий компьютерларни унумли ишлатиш учун янги тизимлар пайдо бўлмоқда. Масалан, 2001 йилда чиққан барчага таниқли, машҳур “Майкрософт” фирмасининг Windows XP операцион тизими ўрнига Windows Vista тизими кириб келиши, ҳамда янги Windows 7 тизимининг яратилиши ҳақидаги маълумотлар ҳаммани қойил қолдиряпти. Лекин “Майкрософт” компания тизимларидан ташқари, бошқа тизимларнинг борлиги ва улардан Линукс номли тизимнинг ривожланиб келиши ҳам маълум. Ўзбекистон диёрида Линукс операцион тизими ҳақида эшитмаган компьютер фойдаланувчилари бўлмаса керак, бироқ кўпчилик учун бу мавзу нотаниш ва қандайдир ҳижолатли бўлиши мумкин. Дунёда эса Линукс – энг тез тараққий этаётган операцион тизимига айланганли ҳеч кимга сир эмас. Ҳозирда, хатто йилига икки марта янгиланиб чиқаётган Линукснинг турли тизимлари ҳам мавжуд. Шу қаторда, ажойиб Фарангистон ўлкада чиқаётган “Mandriva” номли операцион тизимни тарқатиш тўплами (дистрибутиви) Линукс турдаги оперцион тизим бўлиб, 2003 йилдан бошлаб [1], ўзбек тилига ўгирилиб келмоқда. “Mandriva” асосида “Ёш дастурчиларни тайёрлаш ва қўллаб-қувватлаш марказ”-ида янги операцион тизим “DOPPIX” тузилиши, миллий ахборот технологиялар мутахассисларини қизиқтириб, шод этмоқда. Лекин миллий операцион тизим яратилаётган ва Оммавий ахборот воситаларда бу ҳақида ҳабарлар тарқатилаётган бир вақтда Линукс операцион тизимининг тарихи ўзбек тилида етарли равишда ёритилган эмас. Ушбу мақолада Линукс тарихи ҳақида маълумотлар кетма-кет, изчиллик билан тўпланиб, етишмаган манбаларни тулдиришда хизмат қилишига умид қиламиз.
Тарихда Линукснинг икки ўтмишдоши маълум, бу Юникс(Unix) -кўп фойдаланувчиларга мўлжалланган операцион тизим, ҳамда ГНУ(GNU) лойиҳаси. Шунинг учун баёнимизни Юникс тизимининг тарихидан бошлаймиз.
1. Ҳаммаси ўйиндан бошланган экан
Сиз ишонмайсиз, жиддий ва мустаҳкам Юникс тарихи Кен Томпсон (Ken Thompson) томонидан ёзилган, кичик бир ўйиндан бошланган экан. Бу фикрни тушуниш учун ўтмишга назар ташлаш керак.
Узоқ 1964 йилда GE-645 русумли компьютер учун янги “Мультикс” ( Multics) номли операцион тизимни яратиш устида ишлар бошланган экан [2]. Лойиҳанинг ташаббусчиси “Белл лабораториес” компанияси бўлиб, унга ёрдамчи “Женерал Электрик” машҳур компанияси ва Массачусет Технологик Интститути(МТИ) бўлган.
Демак, “Мультикс” операцион тизимидан нималар кутилган? Ge-645 улкан ва қимматбаҳо компьютер, унинг ишлаш вақти жуда қимматга тушганлиги сабабли, процессор вақтини бўлиб, кўп фойдаланувчилар биргаликда ишлатишни таъминлайдиган тизим керак бўлган.
ge645
GE-645 русумли компьютер
“Мультикс” тизими 1969 йили ишга туширилган, лекин бу дастурий таъминотга қўйилган умидлар ўзини оқламаган. Шу боис кўп ўтмай “Белл Лабораториес” ушбу лойиҳани ривожлантиришга бир неча йил сарфлаганига қарамай, уни тўхтатишга қарор қилади. Ўша пайт компаниянинг тўрт ходими: Руд Кенедей(Rudd Canaday), Даг Макилрой(Doug McIlroy), Денис Ричи(Dennis Ritchie) ва Кен Томсон(Ken Tompson) лойиҳанинг беркитилишига кўникмасдан “Мультикс” тизимини кучайтирмоқчи бўлишади. Улар янги дастурлар ҳамда янги файл тизимини яратишади. Қўшимча равишда, ҳордиқ чиқариш мақсадида Ge-645 учун Томсон тарафидан “Коинотга саёҳат” номли ўйин яратилган, лекин лойиҳа беркитилгач, ҳамкасблар уни ўйналмай қолишади. Бурчакда, кам ишлатиладиган PDP-7 компьютер топилгач, Томсон ва Ричи ўйинни шу компьютерга ўтказишга қарор қилишади. PDP-7 комьютери учун файл тизими ва буйруқлар қобиғини ишлаб чиқаришганда янги операцион тизим пайдо бўлади ва унга Брайн Керниган (Brian Kernighan) Мултиксга ўхшаш ном – Юникс (UNICS – Uniplexed Information and Computing Service – кейинчалик UNIX) беради [3].
pdp7
PDP-7 компьютери
Компьютер тарихининг бошланиш даврида барча дастурий таъминот ассемблер тилида муайян ҳисоблаш машина учун ёзилиб, бошқа компьютерларда ишламаган. Бундай муаммони бартараф қилиш учун Томсон турли компьютерларда ишлайдиган операцион тизимни тузиш мақсадида янги Би (“B”) номли дастурлаш тилини яратишга уринади. Бу ишни Ричи охиригача етказади ва янги, универсал дастурлаш тилга Си(“С”) номини беради. Кейинчалик бу тил кўп йилларга асосий дастурлаш тилига айланиб, жуда катта ҳурматга эга бўлади ва “дастурлаш тилларининг Қироли” номини олади.
“Белл Лабс” компаниясига Томсон ва Ричи яратган операцион тизим ёқиб, 1971 йили лойиҳани давом еттириш учун янги PDP-11 компьютер сотиб олади. Бу компьютер учун Юникс операцион тизим тўлиқ Си тилида қайта ёзилганда, бошқа компьютерларга ҳам Юникс -ни кўчириб, ўрнатиш имконияти пайдо бўлади.
pdp11
Томсон ва Ричи PDP-11 компьютерда ишлашяпти
1974 йили Томсон ва Ричи “Communications of the ACM” журналида Юникс операцион тизими ҳақида биринчи мақолани нашр этишади. Улар Юникснинг умумий тузилиши ҳақида маълумотлар беришади. 1974 йил июль ойи ҳолатига 600-та компьютерга ўрнатилган деб ёзишади. Бу рақамларни тасаввур қилиш учун яна ўтмишни эслаш керак. У даврларда компьютер катта бойлик ҳисобланган ва уни фақат катта ташкилотлар сотиб олган. Компьютер матн териш, ёҳуд мусиқа эшитиш эмас, балки муайян саноат масалаларини ҳал қилиш учун харид қилинган.
ritchitompson
1999 йили Томсон ва Ричи
АҚШ миллий мукофоти билан тақдирланган
Бу мақоладан сўнг Юникс тизими билан кўп илмий-тадқиқот ташкилотлар қизиқиб қолади. Қизиққанларга Томсон операцион тизимнинг дисклар тўпламини бепул тарқатади. Натижада Юникс тизими учун янги ривожланиш тўлқинлари содир бўлади. Масалан, Йел университет талабалари буйруқлар қобиғи (shell) -ни ишлаб чиқишади, бошқа университет талабалари Юникс асосида биринчи компьютерлар тармоғини яратишади. Беркли университет талабалари жуда кўп дастурлар ва янги буйруқлар киритиш қобиғини яратишади. Ўша вақтда машъур бир дастур яратилиб, ҳозиргача фаол ишлатилмоқда, бу – “vi” матн таҳрирловчиси. Беркли университетида операцион тизимнинг ўзгарган шакли BSD (Berkeley Software Distribution) номини олиб, ҳозирги FreeBSD номли донгдор операцион тизимнинг бошланиши бўлган.
1980 йили DARPA агентлигига ARPANET (Internet аждоди)тармоғини ривожлантириш учун қувватли компьютерлар керак бўлган. Янги компьютерларга TCP/IP баённомасини амалга оширадиган операцион тизим керак бўлганлиги учун DARPA агентлиги BSD тизимини танлаган. Бўлган воқеа Юникс ривожланишига ижобий таъсирини ўтказган ва у Интернетнинг асосий тизимига айланиб қолган. Шундай қилиб, 80 йилларда Юникс тизими ривожланиб, унинг жуда кўп турлари яратилган. Тарихда ҳатто “Юникс урушлари” деган термин вужудга келган.
2. Барча маълумот эркин ва очиқ бўлиши керак
Линукснинг иккинчи пойдевори – ГНУ лойиҳасидир. Вақт ўтиб, Юникс ХХ асрнинг 80-йилларида қимматбаҳо тижорат маҳсулотга айланиб қолган еди. Дастурчилар маҳфий гуруҳларга бўлиниб, бир-бирларидан янгиликларни сир тутишган. Бу ҳолатга қарши чиққан Массачусетс Технологик Институтининг талабаси ва хакери Ричард Столмен (Richard Stallman) эркин ва очиқ операцион тизимни яратишга киришади.
Stolmen2
Ричард Столмен
Хакерларнинг “Барча маълумот эркин ва очиқ бўлиши керак” деган маълум таълимотининг тарафдори Столмен ўзининг лойиҳасига ГНУ номини беради. ГНУ – рекурсив: “GNU – Not UNIX”, ўзбекча маъноси: “ГНУ – Юникс Эмас” қисқартмаси демакдир. Рекурсив дегани – ГНУ номи очилса, “GNU – Not UNIX” чиқади, ГНУ қисқартмаси қайта очилса яна ўша “GNU – Not UNIX” деган маъно чиқаверади. Бу эса – хакер дастурчиларнинг ном беришда қандайдир ҳазил, оригинал усули бўлади. Янги тизим учун Юникс асос қилиниб олинган бўлса ҳам, Столмен лойиҳа номи билан Юниксдан жиддий равишда фарқланишини таъкидламоқчи бўлган. У лойиҳани 1983 йил 27 сентябрда бутун дунёга эълон қилган [6]. Эълоннинг тўлиқ матнини қуйидаги манзил бўйича кўриш мумкин:
http://www.gnu.org/gnu/initial-announcement.html.
gnu
ГНУ лойиҳасининг эмблемаси
Лойиҳанинг биринчи босқичида Столмен ўз олдига кўп тизимларда ишлайдиган компилятор (дастур йиғувчи) яратиш масаласини қўйяди. Компилятор – инсоний тилда ёзилган дастурни компьютер тилига ўгирувчи дастурдир. Лекин ҳаммага аён: компьютерда оддий матнни ёзиш учун ҳам муҳаррир дастури зарур. Шундай қилиб, лойиҳанинг ичида биринчи яратилган дастур – Emacs матн муҳаррири бўлган. Emacs муҳаррири билан бошқа дастурчилар ҳам қизиққанларида, Столмен хоҳловчиларга почта орқали дастурни 150 доллар пул эвазига жўнатган.
1985 йили Столмен лойиҳа маблағини бошқариш учун Еркин дастурий Таъминот Фондини (Free Software Foundation – FSF) ташқил қилади. Бу жамғарма орқали яратилаётган дастурлар сотилиб, ҳайр-эҳсонлар қабул қилинади ва тўпланган маблағлар лойиҳани қўллаб-қувватлашда сарфланади. Шу ерда айтиб ўтиш лозим: “эркин ва очиқ” дегани бу – дастурнининг коди очиқ ва у билан эркин фойдаланса бўлади, лекин тарқатилиниши пулли бўлиши мумкин. FSF яратилганидан сўнг, лойиҳага бир нарса етишмаган бу – ҳуқуқий ҳимоя.
fsf
FSF эмблемаси
1989 йил февраль ойида ГНУ -нинг маҳсулотларини ҳуқуқий ҳимоялаш мақсадида Умумий оммабоп лицензияси (ГНУ General Public License, ёки GPL)эълон қилинган. Бу лицензиянининг моҳиятини тушуниш учун уни стандарт муаллифлик ҳуқуқлари билан солиштириш мумкин. Оддий муаллифлик ҳуқуқларида яратилган маҳсулотни ўзгартириш, нусха олиш, сотиш каби амалларни фақат эгадор ҳал қилиши, унинг розилиги бўлиши кафолатланган. Бундай ҳолат яна COPYRIGHT номи билан машҳур.
C
COPYRIGHT эмблемаси
GPL лицензиясининг моҳияти оддий муаллифлик ҳуқуқларига тескари бўлиб, ҳужжат билан ҳимояланган маҳсулотларни кераклигича ўзгартириш, нусха олиш, ўзга шахсларга тарқатиш ёки ўзгартирилган турларини GPL лицензия асосида сотиш учун барчага руҳсат берилган. Уни яна “GPL – Guaranteed Public For Life” (“Ҳаёт учун оммабоплиги кафолатланган”) деб тушинтиришади. Оммабоп лицензия билан ҳимояланган дастурий таъминотдан нусха олиш эркин ёки COPYLEFT номи билан ҳам маълум.
cl
COPYLEFT эмблемаси
1990 йилларга келиб, ГНУ лойиҳаси ичида эркин операцион тизим ҳосил қилиниши учун асосий қисмлар яратилган эди. Emacs таҳрирловчисидан ташқари, Столмен янги дастурларни яратувчи “gcc” (GNU C Compiler) компилятор ва дастурларни тўғриловчи “gdb” созловчини ишлаб чиқди. ГНУ асосчиси машҳур дастурчи бўлиб, бир ўзи тижорат дастурлаш гуруҳларидан ўтиб, ҳақиқатдан такомиллаштирилган ва ишончли компилятор яратди. Ҳаттоки ҳозирги кунда ҳам gcc компилятори деярли барча операцион тизимларга мослаштирилиб, амалда фаол ишлатилмоқда.
Бу даврда ГНУ лойиҳага қўшилган бошқа дастурчилар ҳам жуда кўп фойдали дастурлар ишлаб чиқишган. Улардан иккитасини алоҳида қайд қилиш мумкин: Си кутубхонаси ва “shell” қобиғи. Си тилининг амалий кутубхонасининг ГНУ ҳодими Роланд Макграс ҳосил қилган. яна бир дастурчи Брайян Фокс компьютерни бошқариш учун фойдаланувчини операцион тизим билан боғловчи, ўзаро мулоқотини таъминловчи машҳур BASH (Bourne Again Shell) қобиғини яратган.
Демак, 90 йилларда ГНУ тизимини якунлаш учун фақат битта асосий қисми – ядро етишмаган эди. Юта штати университетида “Hurd” номли ядро ишлаб чиқарилиши кутилган. Лекин тасоддифий инқилобчи, ёш фин талаба Линус Торвальдс сахнага чиқади.
3. Тасоддифий инқилоб
1980 йилларда пайдо бўлган Microsoft операцион тизими билан қуролланган шахсий компьютерлар 1990 йилларга келиб, компьютер бозорида устунликка эришди. Шахсий компьютерларнинг техник имкониятлари етарли қувватга эга бўлмай Юникс турли тизимларини бундай компьютерларда қўллаб бўлмас эди. Модомики, шахсий компьютерларнинг имкониятлари шиддатли равишда ўсар экан, бундай компьютерлар учун Юникс турли тизимлари пайдо бўлиши табиий хол бўлган.
1987 йили Линукс тизимининг яратилишига ўзига хос ҳиссасини қўшган, голландиялик профессор Андрю Таненбаум Юникс турли тизимини яратади. Тизимга муаллиф Миникс (Minix) номини бериб, уни шахсий компьютерларда ўқув қуроли сифатида ишлатишни тавсия қилади. Албатта, Миникс мукаммал ва бенуқсон операцион тизим бўлмаган, лекин унинг дастлабки коди очиқ бўлиб, Таненбаумнинг “Операцион тизимлар” китобида тизимнинг ишлаш жараёнлари батафсил ёритилган. Бу эса операцион тизимни ўрганишни хоҳловчилар учун бебаҳо ўқув қўлланма бўлган, шунинг учун Европа олийгоҳларининг талабалари бош кўтармай Миникс тизимининг 12 000 келтирилган сатр кодини астойдил ўрганишган. Шундай талабалар қатори Линус Торвальдс бўлган.
профессор А.Таненбаум ва унинг китоби.
Линус Бенедикт Торвальдс (Linus Benedict Torvalds – 1969 й. туғилган) Финляндия пойтахти Хелсинки университети компьютер фанлари факультетининг талабаси бўлиб, профессор Таненбаум китобини сотиб олган. “Тасоддифий инқилобчининг ҳикояси” хотираномасида Линус: “Кириш қисмини ўқиганимдаёқ, Юникс моҳиятига тушуниб, уни қудратли, мустаҳкам ва гўзал операцион тизим эканлигига иқрор бўлганман, ҳамда ўша заҳотиёқ Юникс ишлай оладиган компьютер сотиб олгим келган,” – деб ёзади[7].
linus1
Линус Торвальдс
1991 йили Линус бўлиб-бўлиб тўлаш шарти билан Интел 80386 процессори асосида янги компьютер сотиб олади. Компьютерга Миникс операцион тизимини ўрнатиб, мириқиб бир ой ўрганади, лекин фойдаланиш жараёнида унда тизимнинг ишлашига жуда кўп шикоятлар пайдо бўлади. Улардан асосийси масофадан ишлаб маълумот киритувчи терминал қисмидир. Бу қисм ёрдамида Линус уйидан университет компьютерига уланиб, янгиликлар ўқимоқчи бўлган. Бу муаммони ечиш учун ёш хакер ўзининг терминали, шахсий дастурини ёзишга киришади. У Миникс тизимига таянмаган ҳолда, компьютернинг аппарат қисмларига мувофиқ янги, мустақил дастур яратади. Модомики, яна, файлларни университетдан уйга тортиб олмоқчи болганлиги сабабли, йўл-йўлакай янги файл тизимини яратади.
Миникс тизимида нафақат масофадан киритиш қисми ёмон ишлар, балки ишлаётган дастурни вақтинча фойдаланмасдан, бошқа дастурни ишга тушириш имконияти ҳам йўқ еди. Тизимнинг бу камчилигини тўғирлаш учун Линусга бошқа, ҳақиқатдан янги операцион тизим тузиш керак бўлади. Дастлаб, у системали чақирувларини (янги тизим қисмларини) кетма-кет дастурлашга уринади. Лекин маълумот етишмаганли ва чақирувларни кўплиги сабабли Линус ишни уддалай олмай, ўзининг операцион тизимининг ядроси билан Интернетда эркин тарқатилаётган bash – буйруқлар қобиқ дастурини ишга туширмоқчи бўлади. Қобиқ дастур ишга тушаётган вақтда тизимнинг керакли қисмига мурожаат қилинганда тўхтаб қолиш содир бўлган. Бу ҳолда ёш хакер ўзи яратган тизимнинг етишмовчи қисмини аниқлаб, ясаган. Натижада, иш жуда қизиқарли жараёнда олиб борилиб, 1991 йилнинг август ойи охирларида қобиқ дастури ишга тушади. Бу натижа жуда катта аҳамиятга эга бўлади, чунки Линус мураккаб қобиқ дастурини ишга туширгач, яна бир неча керакли дастурларни ясашга мувофиқ бўлади. Шундай қилиб, янги операцион тизимнинг асослари тайёр бўлади.
1991 йил 25 августида Торвальдс ўзининг тажрибалари ҳақида comp.os.minix конференцияга хабар беради:
Hello everybody out there using minix -
I’m doing a (free) operating system (just a hobby, won’t be big and professional like gnu) for 386(486) AT clones. This has been brewing since april, and is starting to get ready. I’d like any feedback on things people like/dislike in minix, as my OS resembles it somewhat (same physical layout of the file-system (due to practical reasons) among other things).
I’ve currently ported bash(1.08) and gcc(1.40), and things seem to work. This implies that I’ll get something practical within a few months, and I’d like to know what features most people would want. Any suggestions are welcome, but I won’t promise I’ll implement them :-)
Linus (torvalds@kruuna.helsinki.fi)
PS. Yes – it’s free of any minix code, and it has a multi-threaded fs. It is NOT protable (uses 386 task switching etc), and it probably never will support anything other than AT-harddisks, as that’s all I have :-( .
Хабарда Линус бепул операцион тизимни яратгани, қандай дастурлар тайёрлаганлиги ва яна қандай дастурлар керак бўлиши ҳақида маслаҳат сўраб ёзади. 17 сентябрь куни эса серверга эркин кўчириш учун янги тизимнинг 0.01 рақамли нақлини қўйяди. Линус операцион тизимга FREAX номини бермоқчи бўлганда, Ари Лемке фтп серверида бошқалар кўчиришлари учун қўйилган тизимнинг файллар жилдига pub/OS/Linux деб ном беради. Кейинчалик айни шу тизимни Linux(Линукс) номи билан аташади.
1992 йилнинг февраль ойида Линус, қизиқишга, Линукс тизимни ишлатган ишлатаётган фойдаланувчиларга почта орқали очиқ хат жўнатишларини сўрайди. Натижада, дуненинг ҳар томонидан юзлаб очиқ хат келади. Линукснинг ишқибозлари Янги Зелландия, Япония, Голландия, АҚШ мамлакатларида борлиги аён бўлади. Линукс ядроси барча хоҳловчиларга GNU GPL лицензияси остида тарқатилгани сабабли, тизимнинг муҳлислари кескин равишда кўпайиб бораверади. Лойиҳанинг бошида Линусга юзлаб, кейин минглаб, кейинроқ еса юз минглаб кўнгилли ёрдамчилар тизимни яхшилашга қўмак бера бошлайди. Линукс GNU лойиҳасининг доирасига кириб, жуда кўп дастурлар билан тўлдирилади ва хакерлар ўйинчоғидан амалда қўлланиладиган жиддий операцион тизимга айланади. Ҳозирги кунларда янги операцион тизимнинг номи “GNU/Linux” деб ҳам аталмоқда.
linus2
Линус Бенедикт Торвальдс
1996 йил Интернетда бир неча Линукс фойдаланувчилари янги операцион тизимнинг эмблемасини (тамғасини) танлашни таклиф қилишади. Маслаҳатлашиш жараёнида Торвальдс пингвинларни ёқтиришини билдирганида баҳслашув тўхтаталиб, фақат пингвин ҳайвонининг тасвирлари танловда қолдирилади. Линус хоҳиши бўйича эмблемада пингвинча қорни тўқ ва бахтли қўринишда бўлиши керак. Техас штати университетининг илмий ходими Ларри Ивингнинг (Larry Ewing) графикаси танлов ғолиби деб топилган. Тасвир яратилиши ҳақида батафсил маълумот олиш учун Интернетнинг қуйидаги саҳифасини тафсия қилишади: http://www.sjbaker.org/tux/.
iving
Ларри Ивинг
Шундай қилиб, расман Линукс операцион тизимнинг эмблемаси бўлиб “Тукс” (Tux) номли пингвинча қабул қилинган. Пингвинглар ҳудди нимча, жилет кийгандай бўлганликлари учун эмблемадаги тасвирга Тукс – tuxedo (инглизчадан – “жилет”) номи берилган. Лекин бошқа тушунтируви ҳам мавжуд: (T)orvalds (U)ni(X) –> TUX!
tux
TUX – Линукс эмблемаси.
Линукс тарихининг шу жойида ҳозирча якун ясаб, келгусида яна давом эттиришни ният қилиб, Ўзбекистон Эркин ва Очиқ Кодли Дастурий Таъминотини ривожланиши учун вақт ва кучини сарфлаётган фидоий ватандошларимизга омад ва янги зафарлар тилаб, кейинги учрашувгача хайрлашамиз.
Фойдаланилган адабиётлар:
1. http://sources.redhat.com/ml/libc-alpha/2003-09/msg00091.html (Машраб Қуватов)
2. http://en.wikipedia.org/wiki/Multics
3. http://en.wikipedia.org/wiki/Unix
4. Колисниченко Д.Н., Аллен Питер В. LINUX: полное руководство. – СПб: Наука и Техника, 2006. – 784 с: ил.
5. Linux для “чайников”, 4-е издание. : Пер. с англ. – М. : Издательский дом “Вильяме”,2003.
6. http://www.linuxcenter.ru/lib/history/lh-00.phtml
7. Торвальдс Л., Даймонд Д. Ради удовольствия. – М., «ЭКСМО-Пресс», 2002
8. http://ictp.uz/uz/publications/117 – O’zbekiston taraqqiyoti uchun EOKDT dan foydalanish: Sharh va tavsiyalar. 2006 y
Rasm haqida:
1 rasm quyidagi manzildan olingan – http://www.ibiblio.org/pub/Linux/logos/misc/linlogo.gif

Maqola bu yerdan olindi.

Monday, March 5, 2012

"Ubuntu" tarjimalari qanday ketmoqda?

"Ubuntu"ning yangi 12.04 versiyasi aprel oyida chiqish kerak. Ungacha anchagina dasturlarning tarjimasini amalga oshirish kerak. Tarjimonlarning oldida turgan eng katta maqsad: 1. Oʻrnatish jarayonida paydo boʻladigan soʻzlarni tarjima qilish. 2. Ish stolida va tizim yukalanayotganda koʻrinadigan soʻzlarni tarjima qilish. 3. Eng koʻp foydalaniladigan dasturlarni tarjima qilish.
Shu sababli, kecha anchagina tarjimalarni koʻrib chiqishga toʻgʻri keldi. Tarjimalarning baʻzilarida kamchiliklar mavjud, baʻzilari lotin alifbosida. Hozirda kelishib olinganidek, tarjimalar kirill alifbosida olib borilishi kerak. Chunki kirill alifbosidan lotin alifbosiga oʻtkazish jarayoni juda oson va xatolar juda kam boʻladi. Shunday qilib, kecha ertalab 8-00ʻdan kechqurungi 3-00 gacha notebook oldida oʻtirib, anchagina ishlarni koʻrib chiqdim. "Ubuntu dasturlar markazi"ning .po fayllarini "launchpad.net"dan koʻchirib olib, ularni xatolarini toʻgʻrilab, tarjima qilib chiqdim. Tarjimam anchagina sifatli chiqdi deb oʻylayman. Birinchi marta amalga oshirgan tarjimamdan koʻnglim toʻldi. Ushbu dasturning .po faylini "Poedit"da ochib, tarjima qilsa, avtomatik tarzda .mo faylini ham kompilyatsiya qilib yaratadi. Masalan: siz yozib olgan fayl "po_software-center-uz.po" shaklida boʻlsa, uni "Poedit"da ochsangiz va bir necha tarjimalarni amalga oshirib saqlasangiz, "po_software-center-uz.mo" shaklidagi faylni ham hosil qiladi. Siz ushbu "po_software-center-uz.po" faylining "po_" va "-uz" qismini olib tashlab, hosil boʻlgan "software-center.mo" faylini
/usr/share/locale/uz/LC_MESSAGES/
fayli ichiga tashlasangiz, "Ubuntu dasturlar markazi" ("Ubuntu software center") oʻzbek tilida namoyon boʻladi (Agar tizimning asosiy tilini o'zbek tili deb ko'rsatgan bo'lsangiz).
Ilgari men tarjimalarni "launchpad.net"ga yuklab, yangi reliz chiqishini kutardim. Yangi relizdagi xato va kamchiliklarni toʻgʻrilasam, keyingi tarjimalarni dasturga yuklanishini kutardim. Yuqorida keltirilgan usul orqali birdaniga tarjima qilingan faylning xato va kamchiliklarini toʻgʻrilash, ishlatilgan soʻzlarning toʻgʻriroq variantini tanlash va tarjima sifatini oshirish mumkin boʻladi. Bu amalni boshqa dasturlar uchun ham qo'llash mumkin. Ko'nglingiz to'lsa, keyin yana tarjima qilinga "po_software-center-uz.po" faylini "launchpad.net"ga yuklab qo'yasiz.
Nima bo'lganda, ham tarjima jarayoni ancha mehnat, mashaqqat, bilim va tajribani talab qiladi. Buning ustiga tarijmalar uchun hech kim pul bermaydi. Bu ishlarning hammasini qiziqish uchun, oz'bek xalqi uchun foydali ish qilish uchun va tarixda nom qoldirish uchun amalga oshirayotganimizni kimdir tushunadi, kimdir esa yo'q.
Mana endi, tarjima qilingan "Ubuntu dasturlar markazi"  rasmlaridan namunalar:








Oxirgi rasmdagi oxirgi so'zlarni o'qing. Sizda ham fikr paydo bo'lgan bo'lsa, sharh qoldiring.

"launchpad.net"dagi tarjimalar ahvoli: