Friday, December 30, 2011

Subtitrlarni tahrirlash

So'ngi kunlarda ta'tilda bo'lganim sababli turli dasturlar tarjimasi bilan birga ingliz tilidagi filmlarni ham tomosha qilayapman. Ba'zi filmlarni ham ingliz tilida, ham rus tiida tinglab tomosha qilish mumkin. Filmni bir yoki bir nechta tilda ekanligini tekshirib ko'rmoqchi bo'lsangiz, "VLC" mediya pleyerida "Audio -> Audio Track"dan ko'rish mumkin. Bu yerdan (agar mavjud bo'lsa) boshqa tilidagi tarjimasini ham eshitish mumkin.
Shuningdek, ba'zilarini subtitr bilan ingliz tilida ko'rish ham mumkin. Agar subtitr bo'lmasa, ularni google.co.uz dan qidirish mumkin. Masalan, menga "I, robot" filmining subtitiri kerak. Buning uchun www.google.co.uz qidiruv tizimiga "english subtitle i, robot" deb kiritish mumkin. Google sizga ko'pgina subtitrlar mavjud saytlarni taklif qiladi. Ularning ichidan o'zingizga keraklisini tanlab oldingiz, lekin u ikkita cd uchun, ya'ni bir film ikkiga bo'lingan holat uchun bo'lishi mumkin. Yoki subtitrdagi so'zlar lavhalardan oldin yoki keyinroq paydo bo'layapti. Siz subtitrlarni kinoga moslashtirishingiz kerak. Bunday holga men ilgari ko'p bora duch kelgandim. Oxirgi kunlarda bo'sh vaqtlarim ko'p bo'lganligi uchun "Ubuntu"da ushbu muammoni hal qilishga urinib ko'rdim. Internetdan izlab-izlab "Gaupol subtitle editor" dasturini topdim. Ushbu dastur orqali subtitrlarni filmga moslashtirishingiz, ikkita subtitrni birlashtirishingiz, vaqtlarni o'zgartirishingiz, shuningdek, o'zbek yoki boshqa tilga tarjima qilishingiz ham mumkin. Men ushbu dasturdan foydalangan holda bir nechta subtitrlarni filmlarga moslab oldim. Balkim, sizga ham foydasi tegib qolar. Ha, aytgancha, hozir "I am robot" badiiy filmini subtitri bilan tomosha qilishim kerak.

Tuesday, December 27, 2011

So'zlarni kirill alifbosidan lotin alifbosiga o'tkazish

Ancha vaqtlardan buyon turli dasturlar tarjimasi bilan shug'ullanib kelayapman. Ba'zi vaqtlarda tarjima ishlaridan charchasam, o'zbek tilidagi so'zlar ro'yxatiga yangi so'zlarni qo'shayapman. Mashrab Quvatov tomonidan tuzilgan "uzbek wordlist"da 97000ta kirill alifbosidagi so'zlar mavjud. Bu degani "Libreoffice" va "Ubuntu"ning turli dasturlari faqat kirill alifbosidagi imlo xatolarini tekshiradi deganidir. Ushbu o'zbekcha so'zlar ro'yxati hali to'liq tugallangan emas, lekin anchagina imlo xatolarini tekshirishga yordam beradi. Buni o'zim bir necha marta ishlatib ko'rib guvohi bo'ldim. Agar ushbu bazada birorta so'z kiritilmagan bo'lsa, o'sha so'zni yozsangiz "xato" deb ko'rsatadi. Agar o'sha so'zni to'g'ri yozganligingizga ishonchingiz komil bo'lsa, "Libreoffice" dasturida sichqonchaning o'ng tugmasini bosib, u yerdan avval "Qo'shish" bandini tanlab, u yerdan "standart.dic" fayliga qo'shish mumkin. Men ko'pgina so'zlarni xuddi shu usulda "standart.dic" fayliga qo'shib ko'rdim. Hatto lotin alifbosidagi so'zlarni ham qo'shib ko'rdim. Natija esa yaxshi. Ya'ni lotin alifbosidagi so'zlarni alohida yuqorida, kirill alifbosidagi so'zlarni esa alohida alifbo tartibida saqlar ekan. "standart.dic" faylini esa /home/foydalanuvchi nomi/.libreoffice/3/user/wordbook/ ning ichidan topasiz ("foydalanuvchi nomi"ni o'zingizning hisobingizga o'zgaritirishingiz kerak).
Men lotin alifbosidagi so'zlarni ham "standart.dic"ga qo'sha boshladim, lekin bir necha kunda 1700 ta so'zni kiritishga muvaffaq bo'ldim. Oxiri o'ylab-o'ylab Mashrab Quvatov tuzgan cyr2lat skriptidan foydalanib ko'rmoqchi bo'ldim. Y'ani uz_UZ.dic faylini ichidagi so'zlarni lotin alifbosiga o'tkazmoqchi bo'ldim va buni quyidagicha amalga oshirdim. Avval, Mashrab Quvatov tomonidan tuzilgan cyr2lat skriptini  yuklab olasiz. Ushbu cyr2lat.py faylini home/foydalanuvchi nomi/ jildiga ko'chirasiz. So'ngra "Terminal"ni ishga tushirib, u yerga
chmod u+x /home/foydalanuvchi nomi/cyr2lat.py
deb yozasiz. So'ngra
./cyr2lat.py cry.txt lat.txt
shaklida kiritasiz. Bu yerdagi "cyr.txt"faylini o'rniga kirill alifbosidagi .txt formatdagi faylning nomi yoziladi. lat.txt faylini esa o'zi hosil qiladi. Men "uz_UZ" faylini quyidagicha lotinga aylantirdim.

akmal@akmal-Satellite-C655:~$ chmod u+x /home/akmal/cyr2lat.py
akmal@akmal-Satellite-C655:~$ ./cyr2lat.py uz_UZ.dic lat.txt


Hammasi yaxshi tugadi. Endi menda lotin alifbosidagi o'zbekcha so'zlar ro'yxati bor, lekin u "Libreoffice"da yaxshi ishlamadi.

Friday, December 23, 2011

"Ubuntu 11.10"dagi o'zgarishlar

Men ancha urinishlardan so'ng Linux operatsion tizimini "Ubuntu 11.10"ga yangilashga muvaffaq bo'ldim. "Ubuntu"ning kelajagi borga o'xshaydi. Oxirgi vaqtlarda "Unity" ish stolidan foydalanilayotgan ekan. Boshida sal g'alatiroq tuyuldi. Ozroq ishlagandan so'ng moslashib ketdim. "Ubuntu"da ilgari ishlamaganlar uchun "Unity"dan foydalanishni maslahat bermayman. Ular avvalo oddiy klassik ish stolidan foydalanishsa va ancha tarjiba ortirgandan so'ng "Unity"dan foydalanishsa maqsadga muvofiq bo'ladi deb o'ylayman.
Bundan tashqari, yangi o'zbek tilidagi tarjimalar ham qo'shilibdi, lekin ba'zi tarjimonlarimizning e'tiborsizligi tufayli tarjimalarning yarmi lotin alifbosida, yarmi kirill alifbosida ketgan. Aslida, linux tarjimalarini kirill alifbosida olib borishga ko'pchilik tarjimonlar bilan kelshgandik. Kirill alifbosidagi tarjimalar tugallangandan so'ng, ularni lotinga bemalol o'girish mumkin bo'ladi.
B'azi joylarda hatto o'zim qilgan tarjimalarning ham kamchiliklarini tushunib yetdim, lekin nima bo'lganda ham anchagina o'zgarishlar va oldinga siljishlar bor.
Tarjimalardan namunalar:

Bu yerda tarjimalar yaxshi amalga oshirilgan, lekin "Bekor qilish" buyrug'i lotin alifbosida ekan.
 Ushbu holatda ham "Bekor qilish" tugmasi lotin alifbosida.
 Bu yerda esa o'zingiz ko'rib turganingizdek, 13,4 GBdan 21,8 GB shaklida emas, aksincha,  21,8 GBdan 13,4 bo'lishi kerak edi. Kelgusi "Ubuntu" relizlarida ushbu xatolarni to'grilab qo'yaman, xudo xohlasa.


Monday, December 19, 2011

"Ubuntu 11.04"ni "Ubuntu 11.10"ga yangilash

Hozir ishxonada internetda o'tiribman. Sababi "Ubuntu 11.04"ni yangi "Ubuntu 11.10"ga yangilashim kerak. Yangilash jarayonini bir necha marta Tizim -> Boshqaruv -> Update manager orqali amalga oshirishga urinib ko'rdim, lekin turli sabablar bilan to'xtab qoldi. Oxiri terminal orqali yangilashga qaror qildim.
Buning uchun, avvalo, Ctrl+Alt+T tugmalarini bosib terminalni ishga tushirdim.
Keyin esa "konsole" da quyidagi buyruqni amalga oshirdim:



sudo apt-get update && sudo apt-get upgrade

So'ngra yana ushbu buyruqni bajarishga urinib ko'rdim:



sudo apt-get install update-manager-core


Tizimimda ushbu dastur o'rnatilgan ekan.
Yangi versiyaga yangilash uchun 
sudo do-release-upgrade
buyrug'ini amalga oshirdim. Yangilash boshlanib ketdi.
Ba'zi savollarga "y" tugmasini bosib, "ha" deya javob berdim.

Mana endi kutib o'tiribman...
Aytgancha, "Ubuntu"ning versiyasini ko'rish uchun
cat /etc/issue
buyrug'idan foydalanish mumkin.



Sunday, December 18, 2011

Youtubedan videolarni olish

Men ancha vaqtlardan buyon darslarga tegishli bo'lgan youtube videolarini o'quvchilarimga darsda qo'yib berardim. Ko'pincha to'g'ridan-to'g'ri internet orqali qayta-qayta qo'yib berishga to'g'ri kelardi. Bu esa anchagina trafikni olar va cho'ntakka ham zarar edi. Bugun o'ylab-o'ylab internet orqali izlashlar va bir qancha vaqt linuxni titkilahslar orqali ushbu muammoni hal qildim. "Ubuntu" operatsion tizimida youtube.com saytidan videolarni "Chromium" brauzerida tomosha qilsangiz ular avtomatik tarzda

/home/akmal/.cache/chromium/Default/Cache/

jildiga yuklanar ekan (Bu yerdagi "akmal" o'rniga o'zingizning hisobingiz nomini qo'yasiz). U yerdan kerakli .flv formatdagi video faylni boshqa joyga nusxa ko'chirishingiz yoki butunlay ko'chirib o'tqazishingiz ham mumkin bo'ladi .

Firefox dasturida esa bu video fayllar

/home/akmal/.mozilla/firefox/userprofile/cache 

jildiga yuklanar ekan. Bundan boshqa turli dasturlar yordamida ko'chirib olish imkoniyati ham mavjud, lekin eng oddiy usuli  (menga yoqqan) shu ekan.

Yangi tarjima guruhi

Men "Launchpad"da "Launchpad uzbek translators" guruhini ochishga muvaffaq bo'ldim. Bu "Ubuntu Uzbek Translators" guruhidan farq qiladi, chunki yangi guruhda "Launchpad"dagi barcha dasturlarni tarjima qilish imkoniyati paydo bo'ldi. Hatto siz sevgan "Chromium" brauzerini ham o'zbek tilga tarjima qilish imkoniyati paydo bo'ldi. Buning uchun faqat "Launchpad uzbek translators" jamoasiga qo'shishingiz kerak bo'ladi.
"Launchpad uzbek translators" -bu yerda: 
https://translations.launchpad.net/chromium-browser/translations/+lang/uz

Agar "Chromium" brauzerini tarjima qilmoqchi bo'lsangiz, bu yerda uni amalga oshirish mumkin. Faqat avval bizning guruhimizga a'zo bo'lishingiz kerak.
https://launchpad.net/~lp-l10n-uz

Iltimos, "chromium" brauzeri tarjimalari lotin alifbosida olib borilmoqda, shuning uchun siz ham lotin alifbosida tarjima qiling.