Sunday, October 18, 2015

Turkiyadagi Mozilla Localization Hackaton



Bu haqida yozishdan oldin ko‘p o‘yladim. Ko‘pchilik taassurotlar haqida so‘rayverganidan so‘ng yozishga qaror qildim. Ko‘pchilik meni Mozilla Firefox tarjimalari bilan shug‘ullanib kelayotganimdan xabardor bo‘lsa kerak. Mozilla Firefox brauzerining 36-versiyasi o‘zbek tilida chiqqanligi haqida www.kun.uz va www.daryo.uz saytlarida ham xabarlar chiqqan edi. Men faqat bular bilan emas, Android uchun Firefox, Firefox iOS, Mozilla sayti tarjimalari, Thunderbird va Firefox OS tarjimalari bilan ham shug‘ullanib kelyapman. Shu yilning sentabr oylarida e-pochtamga Mozilla kompaniyasining lokalizatsiya bo‘yicha injenerlaridan biridan xat keldi. Unda Istanbul shahrida 10-11-oktabr kunlari bo‘lib o‘tadigan "Mozilla Localization Hackaton"ga taklif qilingan edim. Unga qo‘shimcha ravishda Google Docs orqali yaratilgan so‘rovnomani ham jo‘natishgan edi. Unda ko‘rsatilishicha, samolyot uchun bilet pullari, yashash pullarini Mozilla kompaniyasi to‘lar ekan. Boshida rosa hayajonlandim. Ozroq xavotir oldim ham. Xat yozgan kishidan menga "Invation letter" jo‘natishini so‘radim. Ba’zi chet elda bo‘lgan kishilardan maslahat oldim ham. Ism-familiyamni pasportdagi ko‘rinishida yozib yubrdim ham. Oradan bir necha kun o‘tgach mening nomimga borish va qaytish uchun bilet band qilinayotganlgi va ism-sharifimni to‘g‘ri ekanligini tasdiqlashim haqida xabar keldi. Bu ham Mozilla kompaniyasiga tegishli edi. Boshliqlarimga bu haqida xabar berganimda, ulardan iliq javob oldim. Litseyda bu haqida xabarlar tez orada tarqab ketdi. Ko‘pchilikka konferensiya yoki semenarga ketyapman deb qo‘ya qoldim. Sababi "Hackaton" desam tushunishmadi yoki tushunishmasdi. Shu orada passportimni OVER uchun topshirib ham qo‘ydim. Shu orada 10 kunlik paxtaga chiqib ham ketdik. Hayajonlanish bor edi. Paxta maydonida inglizcha gaplashishni yaxshilashga harakat qilardim. Doimo inglizcha audio fayllarni tinglardim (Naushnik quloqda bo‘lsa paxta terishga halaqit bermaydi). Hatto yuzimni ro‘molcha bilan yopib yurardim ham, chunki O‘zbekistonliklar buncha qora ekan deb o‘ylashmasin deb. :) 10 kunlik paxta mavsumi tugagandan so‘ng yana darsga qaytdik. 10 kun dars o‘tganimdan so‘ng, yana paxtaga 5 kunlikka yozishibdi (Erkak bo‘lish oson emas :) ). Nima ham qilardim. Yana paxta maydoniga jo‘nab ketdim. Besh kun o‘tgach uyga keldim va bir kun tayyorgarlik ko‘rib, 8-oktabr kuni kechqurun Toshkent sari yo‘l oldim. Turin politexnika universitetini bitirib hozirgi kunda Toshkentda sinov muddatida ishlayotgan jiyanimning kvartirasiga joylashib, ertasi kuni Vostochnaya aerporti tomon yo‘l oldim. Men o‘ylantirgan narsa, samolyot 8.30 da uchishi kerak edi. Men buni o‘zimizning GMT +5 vaqti bilan ko‘rsatilganmi yoki boshqa vaqt hududi bilan ko‘rsatilganmi, buni bilmasdim. Yo‘lda samarqandlik taksichi o‘z vaqtimizda ko‘rsatilganligini aytgandi.



Aeroportda uchta joyda tekshirishdi. 1-tekshirish joyida «Invation letter» bilan o‘tdim. 2-joyda esa, savol-javob bilan. O‘qituvchi ekanligimni isbotlash uchun bosh gap bilan ergash gapning nimaligi va farqini tushuntirib berishga to‘g‘ri keldi. 3-joyda esa oyoq kiyim va kamarni yechishga majbur qilishdi. Bu menga og‘ir ta’sir qildi, keyin orqadagilarga qarasam, ular ham shunday o‘tishyapti. Samolyotda 2 kishining o‘rtasida o‘tirdim. Chap tarafimdagi arab ayol arab, fransuz va ingliz tillarida gaplashar ekan, dinini xristan deb tanishtirdi. O‘ng tomonimda esa yahudiy millatiga mansub kishi edi. U Toshkentda tibbiyot sohasida ba’zi ishlar bilan bo‘lgan ekan. Oldimdagi monitorda kino ko‘rmoqchi bo‘ldim, yahudiy shifokordan naushnikni qayerga tiqilishini so‘raganimda, mening o‘ng tomonimdagi ulanadigan joyni ko‘rsatdi, lekin u ishlamadi. Bir qancha urinishlarim zoye ketdi. Hatto styuardessadan ishlamayotganlini aytdim ham. U esa «tushunarli» deb yana bitta naushnik olib kelib berdi. Men allaqachon muammo naushnikda emasligini tushungandim, sababi telefonimga ulab ko‘rganimda aytayotgandi. Oradan bir soatlar o‘tgandan so‘ng o‘ng tomonimdagi kishi ham musiqa eshitmoqchi bo‘lib naushnik uchun joy izlab qoldi va kulib yuborib, mendan uzr so‘radi. U o‘zining naushnigi ulanadigan joyni menga ko‘rsatgan ekan. Men naushnigimni chap tarafimdagi ulanadigan joyga suqqandim, ishlab ketdi. Men ham kulib yubordim. Bu yog‘iga kino ko‘rib ketishga to‘g‘ri keldi, lekin ularning 80% ini ko‘rgan ekanman.



Samolyot Otaturk aeroportiga qo‘ngandan so‘ng, metroga yo‘l izlay boshladim. Pasportimga Turkiyaga kirganligim haqida muhr qo‘ydirganimdan so‘ng, 50 dollarni liraga maydalab oldim. Bir dollar 3,3 lira atrofida ekan. U yerdan metroni topib, jeton olishga to‘g‘ri keldi. Metroda ko‘rsatilgan yo‘nalishlar bo‘yicha Marmaray degan joygacha borishim kerak edi. Mehmonxonagacha metroda borish uchun ko‘rsatmalarni chop qilb olgan edim. Menga u juda qo‘l keldi. Ba’zida turk millatiga mansub odamlarga inglizcha gapirsam tushunmasa, qog‘ozdagi yozuvni ko‘rsatardim. Ular esa menga yo‘l ko‘rsatib yuborishdi. Qisqasi, men ularning turkcha gaplariga tushunyapman, lekin ular mening o‘zbekcha gaplarimga unchalik tushunmas edi. Marmaraydan yana boshqa metroga o‘tib Kadiko‘y degan joygacha keldim. Metrodan chiqqachm nima qilishni bilmay qoldim. Sedonya degan mehmonxonani izlay boshladim. Yo‘lda uchragan odamlardan so‘rab ko‘rdim. Ko‘pchilik u mehmonxonani bilmas ekan, lekin u joylashgan ko‘chani bilishar ekan, Anchagina qiynnalishlardan so‘ng, mehmonxonani topib bordim. «So‘rab-so‘rab Makkani topishgan ekan» degan maqol bejizga aytilmagan ekan. Mehmonxonadagi «receiption»dan men uchun xona band qilinganligini aytdim. U esa pasportimni olib, men uchun band qilingan xonani topdi. Pasportimdan nusxa olib, men uchun band qilingan xonani ko‘rsatdi. Televizori ishlamayotgan ekan.
U xodimga televizorni tuzatish shart emasligini aytdim, lekin baribir chiqib ketganidan so‘ng, bitta ustani jo‘natdi. U televizorni to‘g‘rilab ketdi, lekin o‘zbekcha kanal topib bera olmadi. Men eng muhimi wi-fi parolini so‘rab qolgandim, internetda kezishni boshladim va telegramdagi guruhimiz orqali Baruzjan Muftahiddinov degan kishini yetib kelganligini aniqladim. Uning profilini ko‘rganimda niki sotrud_nik ekanini ko‘rib, rus tilini tushunishini angladim va unga xabar yozdim. U bilan mehmonxona kutish zalida tanishdik. Qozog‘istondan ekan - xotini bilan birga kelgan ekan. Keyin Halil ismli turkiyalik Mozillachi do‘stimizni kutdik. U kelganda, u bilan ham tanishib oldik. Rus tilini bilmas ekan, lekin Eminning rus tilini bilishini aytdi. Qisqasi u bilan aylangani chiqdik. Bir oshxonaga kirdik. U yerda ovqatlar tugaganligi sababli kofe ichishga majbur bo‘ldim. Birinchi marta kurdcha qahva «kurdish coffee»ni tatib ko‘rdim. Juda kichkina idishda ozgina bo‘lar ekan.
Keyin Emin kelib qoldi. U bilan birga Franchesco, Axcelni topib boshqa restoranga bordik. U yerda ovqatlanib bo‘lgach, Halil bilan kiyim olgani bordim. Negadir biz kirgan do‘kondagi narsalar eskiga o‘xshar ekan. LCWakiki degan do‘konlar tarmog‘i edi, adashmasam. Men tanlab-tanlba bitta jemfer va kurtka oldim. Ha, aytgancha, turklarda jemferni «kazak» deyishar ekan. Buni eshitib bir kulib ham oldik.
Keyin mehmonxonaga qaytdik. Yana internetda kezishni boshladim. Shu orada rossiyalik do‘stimiz Aliksey kelib qoldi. U bilan ham tanishib oldim.
Tong vaqtida soat 5 dan turib oldim, lekin bu vaqt O‘zbekiston vaqtidagi 5 edi. Turkiyada soat 3 bo‘lar ekan bu vaqt. Uyqum kelmadi. Internetni kovlab, Mozilla tarjimalarini davom ettirdim. Rossiyalik do‘stim u yoqdan bu yoqqa ag‘darilib, ijirg‘anib yotaverdi. Men uxlayman desam ham uyqum qochib ketgan edi. :)
Soat 10 larda mehmonxonaning ovqatlanish zaliga chiqdik. 5-qavatda ekan. Yaxshi joyni tanlashibdi. Marmar dengizi bemalol ko‘rinib turardi. Ovqatlanib bo‘lgach, 1030larda hackaton bo‘ladigan joyga bordik. U yerdagi qolgan voqealarni bu yerdan o‘qishigiz mumkin. Faqat ingliz tilida: 

Rasmlarni esa bu yerdan ko‘rishingiz mumkin.