Friday, February 24, 2012

Nega maktablar faqat erkin dasturiy ta'minotlardan foydalanishi kerak?


Muallif: Richard Stallman
Barcha kompyuter foydalanuvchilari nega erkin dasturiy ta'minotlarga to'xtalishlari kerakligiga bir qator sabablar mavjud. U foydalanuvchilarga o'z komyuterlarini boshqarish erkinligini beradi - proprietar dastur boshqaruvi ostidagi kompyuter esa dastur foydalanuvchisi xoxlaganidek emas, balki uni tuzgan egasi xoxlaganidek ishlaydi. Erkin dasturiy ta'minot foydalanuvchilarga to'g'ri (qonuniy) hayot yo'lida borishda o'zaro hamkorlik qilish erkinligini ham beradi. Bu sabablar barcha kabi maktablarga ham taalluqlidir.
Lekin, maktablar uchun taalluqli bo'lgan maxsus sabablar ham mavjud. Ular ushbu maqolaning o'rganish ob'ekti bo'lib xizmat qiladi.
Birinchidan, erkin dasturiy ta'minotlar maktab mablag'larini tejashi mumkin. Hattoki eng boy davlatlarda ham maktablarda mablag' tanqisligi kuzatiladi. Erkin dasturiy ta'minotlar maktablarga barcha boshqa foydalanuvchilar kabi dasturlarni nusxasini olish va tarqatish erkinligini beradi, shunday ekan, maktab tizimi o'zining barcha kompyuterlari uchun dasturdan nusxa olishlari va o'rnatishlari mumkin. Aholi daromadi past davlatlarda bu raqamli bo'linish muammosini hal qilishda yordam beradi.
Bu aniq va ravshan hamda muhim, ammo biroz yuzaki sabab. Proprietar dasturiy mahsulot tuzuvchilari o'z mahsulotlari nusxalarini maktablar uchun bepul taqdim qilib bu kamchilikni yo'qqa chiqarishlari mumkin. (Ehtiyot bo'ling! -- bu taklifni qabul qilgan maktab kelajakdagi yangilanishlar uchun pul to'lashi mumkin.) Shunday ekan, keling, chuqurroq sabablarga e'tibor beraylik.
Maktablar o'quvchilarga butun jamiyat uchun foydali bo'lgan hayot yo'llarini o'rgatishlari lozim. Ular erkin dasturiy ta'minotlarni atrof-muhitni chiqindilardan asrashni targ'ib qilgandek targ'ib qilishlari kerak. Agar maktablar o'quvchilarga erkin dasturiy ta'minotlarni o'rgatadigan bo'lsa, ular maktabni bitirgach ham erkin dasturiy ta'minotlardan foydalanadilar. Bu jamiyatning mega korporatsiyalar tomonidan egallab olinishidan (va aldanishidan) himoyalashda yordam beradi. Korporatsiyalarning dastur namunalarini maktablarga bepul taqdim qilishining sababi tamaki kompaniyalarining bolalar o'rganib qolishi uchun bepul sigaretalar tarqatishi sababi bilan bir xil(1). Ular bu o'quvchilar voyaga yetib maktabni tugatgach hech qanday chegirmalar taqdim qilishmaydi.
Erkin dasturiy ta'minotlar o'quvchilarga dastur qanday ishlashini o'rganishga ruxsat beradi. O'quvchilar balog'atga yetishgach ayrimlari kompyuter tizimlari va dasturiy ta'minotlari haqida barcha narsalarni o'rganishga harakat qilishadi. Bu yosh esa, yaxshi dasturchi bo'lib yetishadigan odamlarning ko'p narsalarni o'rganadigan vaqtidir. Yaxshi dastur tuzishni o'rganish uchun, o'quvchilar ko'pdan ko'p dastur kodlarini o'qishlari va yozishlari kerak. Ular odamlar haqiqatda ishlatadigan haqiqiy dasturlarni o'qishlari va tushunishlari lozim. Ular uchun o'zlari har kuni ishlatadigan dasturlarning dastlabki kodini o'qish juda qiziqarli bo'ladi.
Proprietar daturiy ta'minot ularning bilimga bo'lgan chanqoqligini so'ndiradi: "Sen o'rganmoqchi bo'lgan bilim maxfiy - o'rganish taqiqlanadi!" - deydi u. Erkin dasturiy ta'minotlar hammani o'rganishga da'vat qiladi. Erkin dasturiy ta'minotlar hamjamiyati keng ommani texnologiya qanday ishlashini bilishdan to'xtatadigan "texnologiya sirliligi"ni rad qiladi; biz har qanday yoshdagi va holatdagi o'quvchilarni dastlabki kodni o'qishga va o'zlari xoxlancha o'rganishga chaqiramiz. Erkin dasturiy ta'minotlardan foydalanadigan maktablar dasturlashga qiziqadigan o'quvchilarni kamol topishiga yordam beradi.
Maktablarda erkin dasturiy ta'minotlardan foydalanishga keyingi sabab yanada chuqurroq darajaga ega. Bizningcha, maktablarda o'quvchilar asosiy faktlar va foydali malakalarni o'rgatishadi, ammo bu maktablarning to'liq vazifasini belgilab bermaydi. Maktablarning asosiy vazifasi odamlarni yaxshi fuqaro bo'lishga va yaxshi qo'shnilar bo'lishga -- yordamga muhtojlar bilan hamkorlik qilishga o'rgatish bo'lib hisoblanadi. Kompyuterlar sohasida esa, bu ularga dasturiy ta'minotlarni birgalikda ishlatishni o'rgatish ma'nosini anglatadi. Hammasidan oldin, boshlang'ich maktablar o'z o'quvchilariga "Agar sen maktabga dasturiy ta'monotlar olib keladigan bo'lsang, uni boshqa bolalar bilan bo'lishishing(birgalikda ishlatishing) kerak" deb o'rgatishlari lozim. Albatta, maktablar ham o'z aytgan so'zlariga intilishlari kerak: maktabda o'rnatilgan barcha dasturiy ta'minotlarni o'quvchilar nusxa olishi, uyga olib ketishi va keyin qayta tarqatishi mumkin bo'lishi kerak.
O'quvchilarga erkinda dasturiy ta'minotlardan foydalanishni va erkin dasturiy ta'minotlar hamjamiyatiga qo'shilishni o'rgatish, bu -- amaliy fuqarolik darsidir. Bundan tashqari, u o'quvchilarga sanoat va moliya magnatlari xizmati modelini emas, balki jamiyatdagi o'zaro xizmatlar (hamkorlik) modelini o'rgatadi. Barcha ta'lim muassasalari erkin dasturiy ta'minotlardan foydalanishlari kerak.
  1. RJ Reynolds tamaki kompaniyasi 2002-yilda bollalar qatnashgan tadbirda bepul sigaretalar tarqatgani uchun 15 million AQSH dollari hajmida jarimaga tortilgan. Qarang:http://www.bbc.co.uk/worldservice/sci_tech/features/health/tobaccotrial/usa.htm.
O'zbek tiliga tarjima: Behzod Saidov <behzodsaidov[at]gmail.com>, 2007.

No comments: