Thursday, August 23, 2012

Linuxda oʻyinlar

Ba'zi insonlar "Windows" operatsion tizimi haqida gap ketganda, u oʻyin uchun yaratilgan deyishadi. Balkim, qisman ushbu gapda haqiqat bordir, lekin linuxda ham oʻyinlar oʻynash mumkin.

1. "Assault cube". Ushbu oʻyin otishma usulida boʻlib, juda sodda va yengil oʻyin. "Windows"da "Counter strike" oʻynaydiganlarga yoqadi deb oʻylayman. Hajmi 45-50 mb atrofida.

2. "Urban Terror" oʻyini. Bu ham otishmalarga asoslangan oʻyin boʻlib, "Quake III" dvijogi asosida yaratilgan oʻyin. Ushbu oʻyinni biror marta ham oʻynab koʻrmaganman, chunki hajmi 1 gb dan koʻproq edi, lekin internet olamida va linux foydalanuvchilari tomonidan tavsiya qilingan mashhur oʻyinlardan biridir.


3. "Open Arena" otishmaga asoslangan oʻyin. "Quake III arena" dvijogiga asoslangan. Turli maxluqlarni har xil qurollar yordamida otish kerak boʻladi.



 4. "Alien Arena" oʻyini. Ushbu oʻyin ham otishmaga asoslangan boʻlib, yuqoridagi "Open Arena" oʻyiniga juda-juda oʻxshash.


5. "Nexiuz" oʻyini. Ushbu oʻyin ham yuqoridagi 2 oʻyinni eslatadi, lekin grafika jihatdan ancha chiroyli va murakkabroq oʻyin.


6 "Cube 2: Saurerbraten" oʻyini. Ushbu oʻyinga men boshida juda qiziqqandim. Turli xil oʻzga sayyoralik mavjudotlar va maxluqlarni qirib tashlash kerak boʻladi, lekin oxirigacha oʻynay olgan emasman.


7. "0 A.D." real vaqt strategiya oʻyini. Juda chiroyli, murakkabroq boʻlgan strategik oʻyin. Bu oʻyinning alfa versiyalarini birinchi marta oʻynaganimda kamchiliklari mavjud boʻlganligi tufayli menga yoqmagandi. Hozirgi kunda anchagina yaxshi oʻyin hisoblanadi.

8. "Glest" 3 oʻlchamli real vaqt strategiya oʻyini. Oldingi versiyalari juda sodda va yengil edi. Yangi versiyasida negadir oʻyinning nomi "Megaglest" shaklida. Yangi-yangi sivilizatsiyalar qoʻshilgan. Misrliklar va amazonkaliklar ham ushbu yangi versiyasiga kiritilgan.


9. "Warzone 2100" stragiya oʻyini. Ushbu oʻyinni birinchi marta oʻynashni boshlaganimda unchalik tushunmaganman, asta-sekinlik bilan tushunib olganimdan keyin 3 yil davomida oʻynab oxirigacha borganman. Undan keyin ham bir necha martalab oxirigacha qayta-qayta oʻynab yetib bordim. Juda qiziqarli oʻyin. Faqat oxirgi vaqtlarda "Ubuntu"da ishlamayapti. Sababini bilmadim.
10. "Trigger" poyga oʻyini. Ushbu oʻyin mashina poygalariga asoslangan boʻlib, anchagina qiziqarli oʻyin. Poyga jarayoni qorli, yomgʻirli mavsumda va choʻlda boʻladi.

Yuqorida keltirilgan oʻyinlar linuxda oʻynasa boʻladigan oʻyinlarning hammasi emas. Bular eng mashhurlari yoki mening oʻzim sinab koʻrgan, menga yoqqan va hozirda ham "Ubuntu 12.10" operatsion tizimimda oʻrnatilgan holda turgan oʻyinlardir. Ularni oʻrnatish buyruqlarini yozib oʻtirmadim, chunki "Ubuntu dasturlar markazi"ga kirib, ushbu oʻyinlarning nomlarini kiritsangiz, sizga topib beradi va oʻrantishni taklif qiladi.

Thursday, August 2, 2012

Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?

Ancha vaqtlardan buyon blogimga maqola yozmagandim, lekin odamlarga foydasi tegadigan nimadir yozishni "kallam"da pishirib yurardim. Alloh shu kunga nasib qilgan ekan. Qani boshladik:
Ushbu maqolamni "Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?" deb nomladim. Savol paydo boʻlishi mumkin. "Nega aynan kompyuter?", "Nega dasturlash yoki shunchaki kompyuterda ishlash emas?" Men kompyuterga oid hamma sohani nazarda tutgandim. Bu yerda kompyuterning oʻzida ishlash, ofis dasturlarini yoki boshqa birorta dasturni oʻrganish va dasturlashni oʻrganish kabi barcha informatsion texnologiyalarga oid yoʻnalishlarni umumlashtirishga harakat qilgandim.

1. Ish jarayonida oʻrganing. Yana ham aniqrogʻi biror joyga kirib, shu sohada sinov muddatida yoki birota ish olib ishlab koʻring. Majbur boʻlsangiz, oʻsha ishni oxiriga yetkazishga harakat qilasiz. Ish jarayonida juda koʻp narsalarni oʻrganish mumkin. Bir doʻstimiz rus va ingliz tillarini yaxshi bilmaydi, lekin grafikaga oid "Photoshop", "CorelDraw" va "Pagemaker"dasturlarida koʻzini yumib ishlay oladi. Birorta oʻquv kursiga borgan emas, kitob ham oʻqigan emas. Boshida ozroqqina shogird tushib, ozroqqina oʻrgangan. Hozir esa oʻz kasbining ustasi boʻlib ketgan. Undan mana shu ishni qanday amalga oshirsa boʻladi deb soʻrasangiz, tushuntirib bera olmaydi, lekin bajarib koʻrsata oladi. Bu fikrimga isbot sifatida quyidagi sitatani keltirsam:

Bir soatlik ish bir kunlik tushuntiruvdan koʻra koʻproq narsa beradi, chunki men bolani ustaxonada mashgʻul qilar ekanman, uning qoʻllari aqli uchun ishlaydi: u oʻzini bor-yoʻgʻi hunarmand hisoblagani holda faylasafga aylanadi.
J.J.Russo

 2. Biror kishiga shogirdlikka tushing. Ustozdan ancha narsalarni oʻrganish mumkin. Kitoblardan, video darslardan 10 kunda oʻrganishingiz mumkin boʻlgan narsani bir kunda oʻrgatishi mumkin ba`zida. Bilmagan narsalaringizni bemalol soʻrab oʻrganishingiz mumkin. Oʻzbek xalq maqoli bor: "Ustoz koʻrmagan shogird - har maqomga yoʻrgʻalar". Nemis iqtisodchisi Bodo Shefer aytganidek, eng kuchli sportchi olimpiadachilarning ham ustozlari bor. Nega IT sohasida boʻlmas ekan.

3. Oʻrgangan narslaringizni boshqalarga ham oʻrgating. Shunda yanada koʻproq oʻrganib, bilganlaringiz xotirada yanada mustahkamroq joylashadi.  Bu haqida olimlar ham shunday degan:
Boshqalarni oʻqitib, oʻzimiz ham oʻrganamiz.
SENEKA
Oʻqitish, ikki barobar oʻqish demakdir.
J.Juber

4. Buzib qoʻyishdan qoʻrqmang. Men ishni boshlagandimda koʻp narsalarni buzib oʻrganganman. Kompyuterning qurilmalarini buzib qoʻysangiz, ma`lum bir xarajatga tushishingiz mumkin, lekin dasturni buzib qoʻysangiz, CTRL+ Z amalni orqaga qaytaradi. Agar juda ham boʻlmasa, qayta oʻrnatishga toʻgʻri keladi. Menimcha, dasturni qayta oʻrnatish xarajat talab qilmasa kerak. Qoʻrqqan odam oʻrganishi juda qiyin boʻladi. Hech e`tibor berganmisiz. Yoshi kattalarga nisbatan yoshlar juda tez oʻrganishadi kompyuter va telefonlarda ishlashni. Chunki yoshlarda qiziquvchanlik koʻp va qoʻrquv sal kamroq. Yoshi ulugʻ kishilar esa juda ehtiyotkor boʻlishadi. Buzib qoʻymasmikanman degan xayolda boʻlishgani uchun IT olamini sekinroq oʻrganishadi.

5.Oʻrganganlaringizni amalda qayta-qayta bajarib, takrorlab turing. Men linux operatsion tizimini oʻrganishni boshlaganimda, terminalda turli kodlarni qayta-qayta bajarib koʻrardim. Internetdan va kitoblardan oʻrganganlarimni amalda bajarardim. Natijada ancha narsani oʻrgandim. Dasturchilar koʻpincha kodlarni qayta-qayta yozganligi uchun yodlab qolishadi. Oddiy yosh bolalar ham koʻpincha takrorlash orqali ancha narsani oʻrganishadi. Bekorga xalqimiz aytmagan: "Mulla boʻlsang takror qil, Dehqon boʻlsang shudgor qil". Ruslarda ham shunday maqol bor: "Takrorlash - bilimning onasi"

6. Klaviaturaga qaramasdan, oʻnta barmogʻingiz bilan soʻzlarni terishni oʻrganing. Kompyuterda doimo takrorlanadigan, lekin koʻpchilik e`tibor bermaydigan ish hisoblanadi, lekin ana shu narsa sizni miyangizning rivojlanishiga, vaqtdan unumli foydalanishingizga sabab boʻlishi mumkin. Buni oʻrganish uchun "Windows" operatsion tizimida ham, "Linux"da ham turli dasturlar mavjud. Ozroq qunt qilish va vaqt ajratish  kifoya.

7. Oʻrganganlaringizni yozib boring. Agar blogingiz boʻlsa, oʻrgangan narsalaringizni maqola tarzida yozib boring. Biz insonmiz. "Inson" soʻzi unutuvchan degan ma`noni bildiradi. Agar inson unutuvchan boʻlmaganda, jinni boʻlib qolishi ham hech gap emas ekan. Shunday qilib ba`zi unutgan narsalarimizni blogimizdan qaytadan oʻqib olishimiz mumkin boʻladi.

Friday, July 27, 2012

.pdf fayllarni kitob shaklida chop etish

Kitob holida chop qilish uchun koʻplab dasturlar chiqarilgan, lekin buni "Adobe reader" dasturida juda oson amalga oshirish mumkin. Buning uchun .pdf formatdagi faylni "Adobe reader" dasturida ochishinizga toʻgʻri keladi. Keyin esa Ctrl+P tugmasini bosish bilan chop qilish oynasini paydo qilamiz.
1. Ushbu oynachadan "Page scaling"dan "Booklet printing"ni tanlaymiz.
2. "Booklet subset"dan "Front side only"ni koʻrsatamiz va "OK" tugmasini bosish bilan faylni chop qilishga joʻnatamiz.
Hamma sahifalar printerdan chiqib boʻlgach, qogʻozlarni chalkashtirmasdan, olib printerning qogʻoz qoʻyiladigan joyiga qoʻyish kerak (Yaʻni endi chiqishi kerak boʻlgan tarafi toza boʻlishi kerak).
Endi biz sahifaning orqa tarafini chiqarishimiz kerak boʻladi. Yana Ctrl+P ni bosamiz.
1. "Booklet subset"dan "Back side only"ni tanlaymiz.
2. "Reverse pages" degan joyga belgi qoʻyamiz va "OK" tugmasini bosamiz.
Endi chiqqan qogʻozlarni bukib kitob holiga keltirish va maxsus stepler yoki oddiy igna va ip yordamida tikib olishingiz mumkin. Faqat bu chop qilish usulini oldin kamroq sahifali varaqlarni chop qilib sinab koʻrishni maslahat beraman. Buning uchun oddiy yozuvlarni "Libre office"da .pdf formatga aylantirib chiqarish mumkin. Sahifa kamida 4 varaqdan ibora boʻlishi kerak.
Endi bemalol sinab koʻrishingiz mumkin.

Sunday, July 15, 2012

"Ubuntu 11.10"dan "Ubuntu 12.04 LTS"ga!

"Ubuntu"ni yangilash uchun tekin internet imkoniyati paydo boʻldi. Shuning uchun uni yangilashga muvaffaq boʻldim. Bu yangilash jarayoni haqidagi ma`lumotlar biror kishiga asqotib qolar degan umidda maqolacha tayyorladim:
Yangilash uchun "Yangilash boshqaruvchisi"ni ishga tushirish kerak boʻldi. Avval "Tekshirish" tugmasini bosib, barcha yangilashlarni tekshirib chiqqandan soʻng, quyidagicha holat paydo boʻldi:
"Yangilash" tugmasini bosgandan soʻng, quyidagicha oyna paydo boʻladi:

"Yangilash"ni bosganingizdan soʻng quyidagicha oyna paydo boʻladi:



Endi esa oʻzgarishlar haqida ma`lumot beruvchi oyna paydo boʻladi:

"Start Upgrade"ni bosgandan soʻng yuklab olish jarayoni boshlanadi:
Yuklab olish tugagandan soʻng, oʻrnatish jarayoni boshlanadi:
Oʻrnatib boʻlgandan soʻng, kompyuterni oʻchirib-yoqishga toʻgʻri keladi. Yangilash jarayoni unchalik qiyin emas. Faqat ancha vaqt va traffikni talab qiladi. Men 8-9 soat vaqtimni ushbu jarayonga bagʻishladim. Albatta, yuklab olish jarayonida bekor oʻtirganim yoʻq. Kompyuterda ishlarimni bajardim, testlar taxladim. Yuklab olish tugagandan soʻng, notebookni shunday yopdim-u, uyga kelib ochgandim, oʻrnatish jarayonini boshlab yubordi.


"Ubuntu" uchun "Mobile partner"

Soʻngi vaqtlarda linuxda usb modem ulaganda traffikni tekshirishning iloji yoʻqligidan qiynalyotgan edim. Faqatgina "network-manager"dan modemni ulab, oʻchirishning imkoni bor edi. Traffikni tekshirishning, sms yozishning umuman iloji yoʻq edi. Bugun juda majbur boʻlganimdan "Ubuntu" uchun "Mobile partner" dasutrini izlab koʻrdim va uni topib oʻrnatishga muvaffaqt boʻldim:
Avval bu yerdan oʻrnatish uchun arxiv faylini yuklab olasiz. Soʻngra uni xohlagan biror joyda arxivdan ajratasiz. Arxivning ichidan "Linux" jildi ajralishi kerak. Xuddi shu jildning ichiga kirib, "Install" faylini topasiz va shu faylning ustiga sichqoncha koʻrsatkichini olib kelib, oʻng tugmachasini bosasiz. U yerdan "Xossalari" ("Properties" yoki "Свойства") bandiga kirasiz va "Huquqlar" boʻlimidan "Faylni dastur kabi ishga tushirishga ruxsat berish"ga "toʻgʻri" belgisini qoʻyasiz va uni yopasiz.
Endi terminalni ishga tushirish kerak boʻladi. Xohlasangiz buni menyudan topib yoki klaviaturada Ctrl + Shift + T tugmalarini bosish bilan ishga tushirish mumkin boʻladi. Terminalda
sudo su
buyrugʻini amalga oshirasiz. Administrator parolini kiritib "Enter" tugmasini bosasiz. Endi arxivdan ajratilgan "Linux" jildining ichiga kirish kerak boʻladi. Buning uchun terminalda "cd" buryugʻidan foydalanamiz. Masalan, men ushbu jildni "Uy jildi"ga arxivdan ajratganman.
Terminalda quyidagicha buyruqni amalga oshirdim.
cd /home/akmal/Linux/
Ushbu jildga kirganligi uchun terminalda quyidagicha yozuv paydo boʻldi:
root@akmal-Satellite-C655:/home/akmal/Linux#
Endi quyidagi buyruqni amalga oshiramiz:
bash install
Oʻrnatish jarayoni boshlanadi. Berilgan savollarga javob berishga toʻgʻri keladi.
Oʻrnatish jarayoni tugagandan soʻng "Asosiy menyu"ga kirib "Oʻrnatilgan" dasturlar ichidan "Mobile partner"ni topib ishga tushirasiz.
Endi modemni kompyuterga ulasangiz ham boʻladi. "Mobile partner" modemni tanigach va antenna paydo boʻlgach, "Tools" dan "Options"ga kirasiz. U yerdan "Profile management" ga kirib, "New" ("Yangi") tugmasini bosib,  quyidagidek "Profile" yaratasiz. Bu yerda "Profile" nomini oʻzgartirishingiz mumkin. Qolgani quyidagi rasmdagidek qolvaersin.   




Endi bemalol internetga ulanib ishlash mumkin.


Ushbu dasturning salgina eski versiyasi, lekin bemalol sms yozish mumkin va traffikni koʻrish mumkin boʻladi.

Sunday, July 1, 2012

Ўзим ва таржималар ҳақида

Бугун қисқача ўзим ҳақимда гапириб ўтсам. Академик лицейда она тили ва адабиёт фанидан дарс бераман. Дарсдан ташқари вақтда она тили ва адабиёт фанидан репититорлик ва компьютер ишлари билан шуғулланаман. Ундан ҳам вақт ортса, кечқурун турли очиқ кодли дастурларни ўзбек тилига ўгираман, блогимга мақолалар, маълумотлар ва таржималар ёзаман. Қисқаси, эрталаб 6-10 ларда ишга кетиб, кечқурун 8-9 ларда уйга қайтиб келаман. Аллоҳга шукур, оилам бор - қизчам бор, лекин ҳозирча шахсий уйим йўқ ("зато" 2 та компьютерим бор :) ). Уйга чарчаб келганимда, қизчам кулиб кутиб олади. Озроқ у билан овунаман-у, биргаликда мультфильм кўрамиз. "Big buck bunny" ва "For the birds" мультфилмаларини бирга томоша қиламиз (Ушбу икки мультфильмни 500-600 марталаб қайта-қайта кўрган бўлсам кеак, бошқаларини кўришни хоҳламайди-да).


Ёш болаларга компьютерни олдида узоқ вақт ўтириш зарарли бўлганлиги учун, онасига топшираман-у, яна компьютерга тармашаман (Хотинимнинг энг катта душмани менинг ноутбуким. Бир неча марталаб компьютерим бузилиб қолишини дуо қилаётганини эшитганман :) ). Ҳар куни аҳвол шундай такрорланаверади... такрорланаверади... Нима бўлганда ҳам бахтли яшаяпмиз...
Шанба ва якшанба кунлари таржима ишлари билан шуғулланишга вақт бўлади. Айтганча, баъзи бировлар сўрайди: "Нега таржима ишлари билан шуғулланасан? Бирор фойдаси борми?"
Бугун шу саволга жавоб берсам. Дастурларни таржима қилиш билан 2007 йилдан буён шуғулланиб келаман, лекин бирор марта ушбу ишлардан моддий фойда олган эмасман. Шунчаки қизиқишдан бошланган бу иш. Ҳозирги кунда эса ушбу ишларни ҳам қизиқиш, ҳам савоб, ҳам мажбурият сифатида бажараман. Қисқаси, қуйидаги сабаблар:
1. Кимдир ушбу дастурларни таржима қилиши керак-ку. Кўпчилик чет тилларини билмайди. Қачонгача бировларнинг тилидан фойдаланиб юришимиз керак. Ҳаётда нимадир фойдали иш қилиб қолдиришим керак-ку. Халққа қандайдир фойдам тегиши керак-ку.
2. Бошқаларга ўхшаб, ресторанма ресторан, турли дам олиш жойларига боришга ва сегарет, нос чекиш, маст қилувчи ичимликлар ичишга қизиқишим йўқ. Бўш вақтимни ушбу ишга сарфлаб, завқ оламан. Кимгадир фойдам тегиши мумкинлигини билсам, қувват оламан.
3. Таржима жараёнида "инглиз тилим"ни мукаммаллаштириб бораман.Сўзларнинг турли маъноларини ўрганаман. Ўзбек ва инглиз тилидаги сўзларнинг базасини тузиб бораман.
Қисқаси шундай....

Thursday, June 28, 2012

Libre office`da sahifani kitob holatidan albom holatiga oʻtkazish

Oxirgi vaqtlarda hisobotlarni yozishga toʻgʻri kelmoqda. Majbur boʻlib "Libre office"da matnlarni terib chiqdim. U yerda kitob holatda turadi sahifa. Uni albom shakliga oʻtkazish uchun juda koʻp vaqtim ketdi. Oxiri, www.google.co.uz saytidan qidirib topdim.  "Format" baniga kirib u yerdan "Page"ni ochib, soʻngra ochilgan yangi oynadan "Orientation"dan "Landscape" tanlasangiz boʻldi.

Ushbu ma`lumotning kimgadir foydasi tegsa xursandman.