Sunday, March 31, 2013

Ba`zi gʻoyalar

Kallamda har xil gʻoyalar aylanib yuradi, lekin ularni bajarish uchun menda yetarli vaqt, imkoniyat va dasturlar boʻyicha bilim yetishmaydi. Ana oʻshalarni sizlar bilan baham koʻrsam:

1. Kirill alifbosidan lotin alifbosiga yoki aksincha translyator yaratish. Ushbu dasturning onlayn versiyasi boʻlishi va foydalanuvchi uchun qulay boʻlishi kerak. Soʻzlar xato boʻlganda, tagiga qizil chiziq bilan ajratib koʻrsatilib, soʻzlarning toʻgʻri variantlari tavsiya qilinishi kerak. Bunaqa dasturlar  juda koʻpayib ketgan, lekin hech qaysisi sifatli oʻgirmaydi va kamchiliklari mavjud.

2. Har qanday saytning manzilini kiritsa, oʻsha saytni kirilldan lotinga, lotindan kirillga oʻgirib beradigan xizmat ochish kerak, chunki hozirda ba`zilarga saytdagi ma`lumotlarni lotin alifbosida, ba`zilarga kirill alifbosida oʻqish qulay. Xuddi shunga oʻxshash funksiya www.promt.ru saytida bor. Faqat u yerda, asosan, boshqa tillardan rus tiliga saytni tarjima qilib beradi. Saytlarni tarjima qilishdan, boshqa alifboga aylantirish oson boʻlsa kerak, menimcha.

3. Oʻzbekcha "spell-checker"  ya`ni imlo tekshirgich yaratilishi kerak. Bu birinchi va ikkinchi gʻoya bilan birga amalga oshirsa boʻladigan ish. Biror soʻzni yozilishini bilmagan inson, shu saytga kirib, shu soʻzni yozib koʻrishi mumkin boʻladi. Bunga oʻxshash qoʻshimcha funksiyalar "Libreoffice" dasturida mavjud, lekin uni hamma ham ishlatavermaydi. Buning ustiga bu dasturda faqat kirill alifbosidagi oʻzbekcha soʻzlarni tekshiradi. Lotin alifbosidagi imlo tekshirgichni tuzish sal muammo boʻlishi mumkin. Chunki "ʻ" belgisi "Windows" OTda boshqacha, "Linux" OTda boshqacha. Hatto "Windows"da klaviaturaga qoʻshilmagan ham. Imlo tekshirish funsiyasini internet brauzerlarga ham qoʻshish kerak.

4. Oʻzbekchadan boshqa tillarga yoki aksincha lugʻat dasturi qilinishi kerak. Hammasi bitta dasturda jamlanishi kerak. Oʻzbekcha lotin alifbosidagi soʻzlarni kiritishda  "MS office" dasturlaridagi "ʻ" belgisini ham, "Linux"dagi "ʻ" belgisini ham almashtirish funksiyasi boʻlishi kerak. Ushbu va tepadagi funksiyalar solver.uz saytida amalga oshirilgan, lekin sifati yaxshi emas.

5. Milliy qidiruv tizimi yaratilishi kerak. Ushbu qidiruv tizimida "Tas-ix"dagi barcha saytlar va chet serverlardagi oʻzbekcha saytlardan izlash funksiyasi boʻlishi kerak.  Xuddi shunday sayt yaratilgan: www.ulugov.uz , lekin uni mukammallashtirish kerak va iloji boʻlsa, nomini oʻzgartirgan maqul. Yuqoridagi gʻoyalarni bitta shu qidiruv tizimida jamlansa, nur ustiga a`lo nur boʻlardi.

Hozircha shular. Boshqa gʻoyalar ham mavjud. Bular haqida keyinroq yozarman, lekin va`da bera olmayman.

Saturday, December 8, 2012

Qarish va ulgʻayish



Bir kuni professor yangi ma`ruza oʻqiyotgan edi. Xuddi shu vaqtda yelkamga tekkan nozik qoʻl meni burilib qarashga majbur qildi. Kichkinagina, jikkak qarri kampirning menga kulib turganiga koʻzim tushdi. Bu holat mening ham yuzimga tabassub yugurtirdi.
- Salom, goʻzal qiz. Mening ismim Roza. Yoshim 87da, - dedi u: yoningizga oʻtirsam boʻladimi?
-Men jilmaydim va unga joy boʻshatish uchun siljidim.
- Albatta, oʻtiring. Bunday begunoh yoshda sizni universitetga qanday kuch yetaklab kelganligini bilsam boʻladimi? - dedim hazillashgim kelib.
- Bu yerga boy yigitni uchratish va unga bir etak bolalarni tugʻib berish maqsadida keldim, -  koʻzini qisib hazil bilan javob berdi qariya.
- Aslida-chi? - Roza menga yanada yoqa boshladi.
Meni kampirning bu yerda paydo boʻlish sabablari qiziqtirardi.
- Jiddiy aytganda... Men har doim oliy ma`lumotli boʻlishni xohlardim. Shuning uchun bu yerdaman, - Roza javob berdi.
Ma`ruzadan soʻng talabalar oshxonasiga yoʻl oldik va birga tushlik qildik. Xuddi shu kundan boshlab, biz birga uch oy tushlik qildik. Roza barcha talabalar kechalarining qalbiga aylandi. Barcha u bilan suhbatlashishni xohlardi.
Semestrning oxirida biz uni bitiruv kechasida nutq soʻzlashga taklif qildik. U tribunaga chiqqan vaqtda, qoʻlidan barcha shpargalka qogʻozlari tushib ketdi. Roza ularni yigʻib olishga harakat qildi, lekin barchasini olmadi.
- Kechirasizlar, oʻzimni bunday tutganim uchun. Erimning iltimosi bilan pivo ichishni tashlagandim, shuning uchun viskidan juda tez mast boʻlib qoldim, - hazillashdi u.
- Men shpargalkalarni terib olishga ulgurmadim, shu tufayli nimani oʻylayotgan boʻlsam, shuni gaprishimga ijozat bergaysiz.
Kulgu tugagandan soʻng u nutqini boshladi:
- Biz oʻyin oʻynamaymiz, chunki biz kattalarmiz. Biz qachonki, oʻyin oʻynashni toʻxtatsak, ulgʻayamiz. Muvaffaqiyatingizni amalga oshiruvchi bir nechta narsalar sizda bor: yoshlik va baxt. Har kuni hayotingizda kulguli narsa topsangiz, kulishingiz kerak. Orzu qilishingiz kerak. Orzu qilishdan toʻxtasangiz - oʻlasiz.
- Atrofimizda bu haqda bilmaydigan qanchalar  oʻlik odamlar bor!
Qarish va ulgʻayish oʻrtasida katta farq bor. Agar yoshingiz 19da boʻlsa va yil boʻyi divanda hec nima qilmasdan yalpayib  yotsangiz, 20ga kirasiz. Agar men ham divanda yil boʻyi hech nima qilmasdan oʻtirsam, 88 yoshga toʻlaman. Katta boʻlishning hech qanday qiyinchilik joyi yoʻq. Qarish uchun bizga hech qanday qobiliyat va harakat kerak emas. Faqatgina dam olish vaqtlarida inson oʻzi uchun imkoniyatlar eshigini ochishi kerak. Hech narsa toʻgʻrisida hasrat qilmang! Qarilar qilgan ishlari uchun afsuslanishmaydi. Alsincha, qilishga ulgurmagan ishlari uchun xafa boʻlishadi. Juda koʻp afsuslanadigan inson oʻlimdan qoʻrqadi!
"Hurmat bilan, Roza" iborasi bilan nutqini tugatgan qariya oʻz oʻrniga qaytdi. Tinglaganlarimizni oʻylab, biz hammamiz jim qolgandik.

Bir yildan soʻng Roza uzoq vaqt oʻzi orzu qilganidek, oliy ma`lumotlilik haqidagi diplomni oldi. Bir haftadan soʻng esa u uyquda vaqtida vafot etdi.
Ikki mingdan ortiq talaba uni koʻmish marosimiga kelishdi. Ushbu yuzidan nur yogʻiladigan kichkinagina ayol talabalarga nima qila olishlari va kim boʻlishni xohlashlarini oʻrgatib ketgandi.

Yodda saqlang: qarishdan qochib boʻlmaydi, lekin ulgʻayishni tanlash mumkin!

Ushbu saytdan tarjima qilindi. 
Tarjimon: Akmal XUSHVAQOV

Friday, December 7, 2012

"Google qidiruv sayti" tarjimasi haqida

Ancha oldin qisman boʻlsada, "gws" ya`ni "Google web search" (Google veb qidiruvi) saytini oʻzbek tiliga oʻgirdim. Bu ishni boshdan oxirigacha oʻzim qildim deb ayta olmayman. Mendan ilgari ham kimlardir tarjimalarga oʻz hissalarini qoʻshishgan. Oʻzbekcha aytadigan boʻlsak, hashar usulida tarjima qilingan. Shu tufayli boʻlsa kerak, tarjimalarda anchagina xatoliklar mavjud edi. Masalan, quyidagi rasmda koʻrsatilganidek, "Google tips" jumlasi "Google uchlari" shaklida tarjima qilingan. Bu yerda "Google tavsiyalari" yoki "Google maslahatlari" shaklida tarjima qilinishi kerak edi. "Interface language" esa "Muloqat tili" deb tarjima qilingan. Bu yerda "Muloqat" emas, aslida "Muloqot" yoziladi. Ushbu jumla "Interface tili" deb tarjima qilinsa, yaxshiroq boʻlardi. "Advanced search" esa "Ilgʻor Qidiruv" shaklida tarjima qilingan. Aslida uni "Kengaytirilgan qidiruv" yoki "Kengaytirilgan izlash" shaklida tarjima qilsa, ancha tushunarliroq boʻlardi. Bundan tashqari, ikkinchi soʻzni oʻzbek alifbosida kichik harf bilan yozgan ma`qulroq.
 Bundan tashqari, quyida oʻzbek tilida boʻlishi kerak boʻlgan tarjimalar, arab alifbosida yozilgan. Buni kimdir tushunmasdan qilganmi yoki oʻzbek tilining ustidan kulganmi, bilmadim, har qalay shunday kamchiliklar ham bor edi:
 Nima boʻlganda ham, ancha vaqtimni sarflab koʻpgina xatolarni toʻgʻrilab chiqdim, imkon qadar tarjima qildim. Oxirida quyidagi yozuv paydo boʻlib, tarjimalarni toʻliq tugallanganligi haqida ma`lumot chiqdi.
Hozirgi kunlarda "Google`ning asosiy qidiruv sayti" tarjimalari har holda ancha yaxshilandi, lekin toʻliq kamchiliklarini bartaraf qilish uchun vaqtim boʻlmadi, bundan tashqari tarjimalarning ba`zilari oʻzbek tilida emas, ingliz tilida chiqmoqda. Ushbu tarjimalar uchun hali hech kimdan rahmat eshitmadim, lekin tugʻilgan kunimda "Google`ning asosiy qidiruv sayti"da menga atalgan tabriklar paydo boʻldi. Nima boʻlganda ham, anchagina kayfiyatim koʻtarildi!
Hali oldinda qilinadigan ishlar anchagina. Faqat xudodan bu ishlarni amalga oshirishda kuch-quvvat berishini soʻrab qolaman.

Friday, October 26, 2012

Garvard talabalarini ruhlantirish

Ushbu maqolani birinchi bor oʻqiganimdayoq talabalarim va barcha ilm izlovchilarni ruhlantirish uchun foyda beradi deb oʻylagandim. Ushbu maqolacha uchun linkni "Chromum" brazeridagi xatchoʻplarga qoʻshib qoʻygandim. Mana bugun tarjima uchun vaqt boʻldi. Endi uni sizlar bilan baham koʻrsa boʻladi.

1. Agar sen hozir uxlasang, albatta, orzularingni tushingda koʻrasan. Agarda uyquni oʻrniga oʻqishni tanlasang, orzularingni hayotda koʻrasan.
2. Qachonki sen hammasiga juda kech boʻldi deb oʻylasang, aslida hali erta boʻladi.
3. Oʻqish azobi - vaqtinchalik. Bilmaslik azobi - abadiy.
4. Oʻqish - bu vaqt sarflash emas. Oʻqish - harakat qilish.
5. Hayot faqat oʻqishdan iborat emas. Hayotning mana shu qismini ham bosib oʻta olmasang, nimaga ham qodir boʻla olarding?
6. Qiyinchilik va tinimsiz harakatdan rohatlan.
7. Kimki hammasini erta qilsa, oʻzining muvaffaqiyatidan haqqoniy rohatlana oladi.
8. Hammasiga ulgurish imkoniyati barchaga berilmagan, lekin muvaffaqiyat oʻz ustida ishlovchi va muammolarni tezda hal qiladiganlarga keladi.
9. Vaqt uchadi.
10. Hozirgi soʻlaging ertaga koʻz yoshi boʻladi.
11. Itlar oʻrganyapti, elchilar oʻynashyapti.
12. Agar sen bugun piyoda yurishni xohlamasang, ertaga yugurishga majbur boʻlasan.
13. Kelajagi uchun nimadir qiladigan odam realistdir.
14. Sening topadigan puling  - olgan biliming darajasiga proporsional.
15. Bugun hech qachon qaytib kelmaydi.
16. Hatto hozir dushmanlaring ochlarcha kitoblarni varaqlamoqda.
17. Qiyinchiliklarsiz maqsadga yetib boʻlmaydi.
Tarjimon: Akmal Xushvaqov

Sunday, September 30, 2012

Googleʻning Kanadadagi xodimlarining 25ta noroziligi

Ishingizdan hasrat qilyapsizmi? Toʻgʻri qilasiz. Sizning noroziligingizni Google xodimlari noroziligi bilan solishtirganda ancha qadr-qiymatga ega:

1. "Ischilar qoʻllanmasi" bir sahifadan koʻproq.

2. Qachonki uydan turib ishlaganimda, nonushta, tushlik va kechki ovqatni oʻzim tayyorlashimga toʻgʻri keladi.

3. Massaj kreslolarini moslash orasidagi farqlarni his qilmayman.

4. Bizning binomizda klassik oʻyin avtomatlarini tanlash cheklangan, boshqa binoga borishga toʻgʻri keladi.

5. Cheklanmagan miqdordagi tekin ovqatlardan semirib ketyapman.

6. Kompaniya tomonidan berilgan telefonlarga koʻnikishimga toʻgʻri keladi. Yangi moduldagi telefonlari bersalar, yana uni oʻrganishga majbur boʻlaman.

7. Tushlik vaqti barcha pitsani yeb qoʻyishibdi. Men esa steyk yeyishga majburman.

8. Sport jihozlari oʻrnatilgan zalni men joylashgan bino qismida ochish kerak, chunki men boshqa bino qismiga borish uchun koʻp vaqtimni yoʻqotib qoʻyyapman.

9. 30 dyumli monitor togʻ koʻrinishini toʻsib qoʻymoqda.

10. Kompaniya quloqchinlari (naushniklari) sochimning koʻrinishini buzyapti.

11. Mening ish joyim ikki oshxonadan bir xil masofa uzoqlikda joylashgan. Har safar ulardan qaysi biriga borishni oʻylab olib hal qilishimga toʻgʻri kelyapti.

12. Bu yil menga tekin berilgan 5 va 8-futbolkalar qora rangda. Bu menga yoqmaydi. Men koʻk rangni yaxshi koʻraman.

13. Parashutdan sakrash vaqtida erkin tushish vaqtini 50 soniya deb vada berishgandi, lekin sakrash videosini koʻrganimda 41 soniya edi.

14. Ba`zida birorta ichimlik uchun oshxonaga borsam, endigina muzlatgichga qoʻyganliklari ma`lum boʻladi.  Hatto ichimlik idishi ham sovushga ulgurmagan boʻladi.

15. Kabinetimdagi divan yetarlicha uzun emas, chunki men unda bor boʻyimcha yota olmayman.

16. Google`ning tekin ovqatlari tufayli deyarli bir yildan beri hech qanday ovqat tayyorlamadim. Ovqat tayyorlash usullarini unutyapma.

17. Kompaniya hisobidan boshqa joydagi ofislarga sayohat qilganimda, u yerdagi ovqatlarni oldindan bilmayman va nimani tanlashni ham bilmayman.

18. Dengizdagi korporativimizda qizib ketdim.

19. Bilyard keyi uchun boʻr rangi stol rangiga toʻgʻri kelmaydi.

20. Nonushta vaqtida tushlikkacha ochqab qolmaslik darajasida ovqatlanaman.

21. Oʻyin xonasida faqat bittagina binbeg bor, shuning uchun stulda "Call of duty" oʻynab oʻtirishimga toʻgʻri keladi.

22. Biz mebellardan katapulta qurganmiz, lekin xonaning shipi juda past. Apelsinlarni metrdan uzoqlikka otib boʻlmaydi.

 23. Ertalab "Harbour Bridge"ni tomosha qilib rohatlana olmayman, chunki Sidney ustida koʻtarilgan quyosh tufayli jalyuzlarni yopib qoʻyaman (Bu Avstraliyaliklarga tegishli). 

24. 3 oydan buyon tekin tarqatiladigan futbolka olganim yoʻq.

25.  Sushi tayyorlagan oshpaz krabli oʻramga yetarlicha aiolli sous qoʻymabdi.

Ushbu holatlar rostmi yoki yolgʻonmi bilmadim-u, lekin har holda qiziqarliroq deb oʻylayman. Ba`zi soʻzlarni oʻzbek tilidagi tarjimasini topa olmaganim uchun shundayligicha qoldirdim. Manba bu yerda.

Thursday, August 23, 2012

Linuxda oʻyinlar

Ba'zi insonlar "Windows" operatsion tizimi haqida gap ketganda, u oʻyin uchun yaratilgan deyishadi. Balkim, qisman ushbu gapda haqiqat bordir, lekin linuxda ham oʻyinlar oʻynash mumkin.

1. "Assault cube". Ushbu oʻyin otishma usulida boʻlib, juda sodda va yengil oʻyin. "Windows"da "Counter strike" oʻynaydiganlarga yoqadi deb oʻylayman. Hajmi 45-50 mb atrofida.

2. "Urban Terror" oʻyini. Bu ham otishmalarga asoslangan oʻyin boʻlib, "Quake III" dvijogi asosida yaratilgan oʻyin. Ushbu oʻyinni biror marta ham oʻynab koʻrmaganman, chunki hajmi 1 gb dan koʻproq edi, lekin internet olamida va linux foydalanuvchilari tomonidan tavsiya qilingan mashhur oʻyinlardan biridir.


3. "Open Arena" otishmaga asoslangan oʻyin. "Quake III arena" dvijogiga asoslangan. Turli maxluqlarni har xil qurollar yordamida otish kerak boʻladi.



 4. "Alien Arena" oʻyini. Ushbu oʻyin ham otishmaga asoslangan boʻlib, yuqoridagi "Open Arena" oʻyiniga juda-juda oʻxshash.


5. "Nexiuz" oʻyini. Ushbu oʻyin ham yuqoridagi 2 oʻyinni eslatadi, lekin grafika jihatdan ancha chiroyli va murakkabroq oʻyin.


6 "Cube 2: Saurerbraten" oʻyini. Ushbu oʻyinga men boshida juda qiziqqandim. Turli xil oʻzga sayyoralik mavjudotlar va maxluqlarni qirib tashlash kerak boʻladi, lekin oxirigacha oʻynay olgan emasman.


7. "0 A.D." real vaqt strategiya oʻyini. Juda chiroyli, murakkabroq boʻlgan strategik oʻyin. Bu oʻyinning alfa versiyalarini birinchi marta oʻynaganimda kamchiliklari mavjud boʻlganligi tufayli menga yoqmagandi. Hozirgi kunda anchagina yaxshi oʻyin hisoblanadi.

8. "Glest" 3 oʻlchamli real vaqt strategiya oʻyini. Oldingi versiyalari juda sodda va yengil edi. Yangi versiyasida negadir oʻyinning nomi "Megaglest" shaklida. Yangi-yangi sivilizatsiyalar qoʻshilgan. Misrliklar va amazonkaliklar ham ushbu yangi versiyasiga kiritilgan.


9. "Warzone 2100" stragiya oʻyini. Ushbu oʻyinni birinchi marta oʻynashni boshlaganimda unchalik tushunmaganman, asta-sekinlik bilan tushunib olganimdan keyin 3 yil davomida oʻynab oxirigacha borganman. Undan keyin ham bir necha martalab oxirigacha qayta-qayta oʻynab yetib bordim. Juda qiziqarli oʻyin. Faqat oxirgi vaqtlarda "Ubuntu"da ishlamayapti. Sababini bilmadim.
10. "Trigger" poyga oʻyini. Ushbu oʻyin mashina poygalariga asoslangan boʻlib, anchagina qiziqarli oʻyin. Poyga jarayoni qorli, yomgʻirli mavsumda va choʻlda boʻladi.

Yuqorida keltirilgan oʻyinlar linuxda oʻynasa boʻladigan oʻyinlarning hammasi emas. Bular eng mashhurlari yoki mening oʻzim sinab koʻrgan, menga yoqqan va hozirda ham "Ubuntu 12.10" operatsion tizimimda oʻrnatilgan holda turgan oʻyinlardir. Ularni oʻrnatish buyruqlarini yozib oʻtirmadim, chunki "Ubuntu dasturlar markazi"ga kirib, ushbu oʻyinlarning nomlarini kiritsangiz, sizga topib beradi va oʻrantishni taklif qiladi.

Thursday, August 2, 2012

Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?

Ancha vaqtlardan buyon blogimga maqola yozmagandim, lekin odamlarga foydasi tegadigan nimadir yozishni "kallam"da pishirib yurardim. Alloh shu kunga nasib qilgan ekan. Qani boshladik:
Ushbu maqolamni "Kompyuterni qanday tez oʻrganish mumkin?" deb nomladim. Savol paydo boʻlishi mumkin. "Nega aynan kompyuter?", "Nega dasturlash yoki shunchaki kompyuterda ishlash emas?" Men kompyuterga oid hamma sohani nazarda tutgandim. Bu yerda kompyuterning oʻzida ishlash, ofis dasturlarini yoki boshqa birorta dasturni oʻrganish va dasturlashni oʻrganish kabi barcha informatsion texnologiyalarga oid yoʻnalishlarni umumlashtirishga harakat qilgandim.

1. Ish jarayonida oʻrganing. Yana ham aniqrogʻi biror joyga kirib, shu sohada sinov muddatida yoki birota ish olib ishlab koʻring. Majbur boʻlsangiz, oʻsha ishni oxiriga yetkazishga harakat qilasiz. Ish jarayonida juda koʻp narsalarni oʻrganish mumkin. Bir doʻstimiz rus va ingliz tillarini yaxshi bilmaydi, lekin grafikaga oid "Photoshop", "CorelDraw" va "Pagemaker"dasturlarida koʻzini yumib ishlay oladi. Birorta oʻquv kursiga borgan emas, kitob ham oʻqigan emas. Boshida ozroqqina shogird tushib, ozroqqina oʻrgangan. Hozir esa oʻz kasbining ustasi boʻlib ketgan. Undan mana shu ishni qanday amalga oshirsa boʻladi deb soʻrasangiz, tushuntirib bera olmaydi, lekin bajarib koʻrsata oladi. Bu fikrimga isbot sifatida quyidagi sitatani keltirsam:

Bir soatlik ish bir kunlik tushuntiruvdan koʻra koʻproq narsa beradi, chunki men bolani ustaxonada mashgʻul qilar ekanman, uning qoʻllari aqli uchun ishlaydi: u oʻzini bor-yoʻgʻi hunarmand hisoblagani holda faylasafga aylanadi.
J.J.Russo

 2. Biror kishiga shogirdlikka tushing. Ustozdan ancha narsalarni oʻrganish mumkin. Kitoblardan, video darslardan 10 kunda oʻrganishingiz mumkin boʻlgan narsani bir kunda oʻrgatishi mumkin ba`zida. Bilmagan narsalaringizni bemalol soʻrab oʻrganishingiz mumkin. Oʻzbek xalq maqoli bor: "Ustoz koʻrmagan shogird - har maqomga yoʻrgʻalar". Nemis iqtisodchisi Bodo Shefer aytganidek, eng kuchli sportchi olimpiadachilarning ham ustozlari bor. Nega IT sohasida boʻlmas ekan.

3. Oʻrgangan narslaringizni boshqalarga ham oʻrgating. Shunda yanada koʻproq oʻrganib, bilganlaringiz xotirada yanada mustahkamroq joylashadi.  Bu haqida olimlar ham shunday degan:
Boshqalarni oʻqitib, oʻzimiz ham oʻrganamiz.
SENEKA
Oʻqitish, ikki barobar oʻqish demakdir.
J.Juber

4. Buzib qoʻyishdan qoʻrqmang. Men ishni boshlagandimda koʻp narsalarni buzib oʻrganganman. Kompyuterning qurilmalarini buzib qoʻysangiz, ma`lum bir xarajatga tushishingiz mumkin, lekin dasturni buzib qoʻysangiz, CTRL+ Z amalni orqaga qaytaradi. Agar juda ham boʻlmasa, qayta oʻrnatishga toʻgʻri keladi. Menimcha, dasturni qayta oʻrnatish xarajat talab qilmasa kerak. Qoʻrqqan odam oʻrganishi juda qiyin boʻladi. Hech e`tibor berganmisiz. Yoshi kattalarga nisbatan yoshlar juda tez oʻrganishadi kompyuter va telefonlarda ishlashni. Chunki yoshlarda qiziquvchanlik koʻp va qoʻrquv sal kamroq. Yoshi ulugʻ kishilar esa juda ehtiyotkor boʻlishadi. Buzib qoʻymasmikanman degan xayolda boʻlishgani uchun IT olamini sekinroq oʻrganishadi.

5.Oʻrganganlaringizni amalda qayta-qayta bajarib, takrorlab turing. Men linux operatsion tizimini oʻrganishni boshlaganimda, terminalda turli kodlarni qayta-qayta bajarib koʻrardim. Internetdan va kitoblardan oʻrganganlarimni amalda bajarardim. Natijada ancha narsani oʻrgandim. Dasturchilar koʻpincha kodlarni qayta-qayta yozganligi uchun yodlab qolishadi. Oddiy yosh bolalar ham koʻpincha takrorlash orqali ancha narsani oʻrganishadi. Bekorga xalqimiz aytmagan: "Mulla boʻlsang takror qil, Dehqon boʻlsang shudgor qil". Ruslarda ham shunday maqol bor: "Takrorlash - bilimning onasi"

6. Klaviaturaga qaramasdan, oʻnta barmogʻingiz bilan soʻzlarni terishni oʻrganing. Kompyuterda doimo takrorlanadigan, lekin koʻpchilik e`tibor bermaydigan ish hisoblanadi, lekin ana shu narsa sizni miyangizning rivojlanishiga, vaqtdan unumli foydalanishingizga sabab boʻlishi mumkin. Buni oʻrganish uchun "Windows" operatsion tizimida ham, "Linux"da ham turli dasturlar mavjud. Ozroq qunt qilish va vaqt ajratish  kifoya.

7. Oʻrganganlaringizni yozib boring. Agar blogingiz boʻlsa, oʻrgangan narsalaringizni maqola tarzida yozib boring. Biz insonmiz. "Inson" soʻzi unutuvchan degan ma`noni bildiradi. Agar inson unutuvchan boʻlmaganda, jinni boʻlib qolishi ham hech gap emas ekan. Shunday qilib ba`zi unutgan narsalarimizni blogimizdan qaytadan oʻqib olishimiz mumkin boʻladi.