Sunday, July 15, 2012

"Ubuntu" uchun "Mobile partner"

Soʻngi vaqtlarda linuxda usb modem ulaganda traffikni tekshirishning iloji yoʻqligidan qiynalyotgan edim. Faqatgina "network-manager"dan modemni ulab, oʻchirishning imkoni bor edi. Traffikni tekshirishning, sms yozishning umuman iloji yoʻq edi. Bugun juda majbur boʻlganimdan "Ubuntu" uchun "Mobile partner" dasutrini izlab koʻrdim va uni topib oʻrnatishga muvaffaqt boʻldim:
Avval bu yerdan oʻrnatish uchun arxiv faylini yuklab olasiz. Soʻngra uni xohlagan biror joyda arxivdan ajratasiz. Arxivning ichidan "Linux" jildi ajralishi kerak. Xuddi shu jildning ichiga kirib, "Install" faylini topasiz va shu faylning ustiga sichqoncha koʻrsatkichini olib kelib, oʻng tugmachasini bosasiz. U yerdan "Xossalari" ("Properties" yoki "Свойства") bandiga kirasiz va "Huquqlar" boʻlimidan "Faylni dastur kabi ishga tushirishga ruxsat berish"ga "toʻgʻri" belgisini qoʻyasiz va uni yopasiz.
Endi terminalni ishga tushirish kerak boʻladi. Xohlasangiz buni menyudan topib yoki klaviaturada Ctrl + Shift + T tugmalarini bosish bilan ishga tushirish mumkin boʻladi. Terminalda
sudo su
buyrugʻini amalga oshirasiz. Administrator parolini kiritib "Enter" tugmasini bosasiz. Endi arxivdan ajratilgan "Linux" jildining ichiga kirish kerak boʻladi. Buning uchun terminalda "cd" buryugʻidan foydalanamiz. Masalan, men ushbu jildni "Uy jildi"ga arxivdan ajratganman.
Terminalda quyidagicha buyruqni amalga oshirdim.
cd /home/akmal/Linux/
Ushbu jildga kirganligi uchun terminalda quyidagicha yozuv paydo boʻldi:
root@akmal-Satellite-C655:/home/akmal/Linux#
Endi quyidagi buyruqni amalga oshiramiz:
bash install
Oʻrnatish jarayoni boshlanadi. Berilgan savollarga javob berishga toʻgʻri keladi.
Oʻrnatish jarayoni tugagandan soʻng "Asosiy menyu"ga kirib "Oʻrnatilgan" dasturlar ichidan "Mobile partner"ni topib ishga tushirasiz.
Endi modemni kompyuterga ulasangiz ham boʻladi. "Mobile partner" modemni tanigach va antenna paydo boʻlgach, "Tools" dan "Options"ga kirasiz. U yerdan "Profile management" ga kirib, "New" ("Yangi") tugmasini bosib,  quyidagidek "Profile" yaratasiz. Bu yerda "Profile" nomini oʻzgartirishingiz mumkin. Qolgani quyidagi rasmdagidek qolvaersin.   




Endi bemalol internetga ulanib ishlash mumkin.


Ushbu dasturning salgina eski versiyasi, lekin bemalol sms yozish mumkin va traffikni koʻrish mumkin boʻladi.

Sunday, July 1, 2012

Ўзим ва таржималар ҳақида

Бугун қисқача ўзим ҳақимда гапириб ўтсам. Академик лицейда она тили ва адабиёт фанидан дарс бераман. Дарсдан ташқари вақтда она тили ва адабиёт фанидан репититорлик ва компьютер ишлари билан шуғулланаман. Ундан ҳам вақт ортса, кечқурун турли очиқ кодли дастурларни ўзбек тилига ўгираман, блогимга мақолалар, маълумотлар ва таржималар ёзаман. Қисқаси, эрталаб 6-10 ларда ишга кетиб, кечқурун 8-9 ларда уйга қайтиб келаман. Аллоҳга шукур, оилам бор - қизчам бор, лекин ҳозирча шахсий уйим йўқ ("зато" 2 та компьютерим бор :) ). Уйга чарчаб келганимда, қизчам кулиб кутиб олади. Озроқ у билан овунаман-у, биргаликда мультфильм кўрамиз. "Big buck bunny" ва "For the birds" мультфилмаларини бирга томоша қиламиз (Ушбу икки мультфильмни 500-600 марталаб қайта-қайта кўрган бўлсам кеак, бошқаларини кўришни хоҳламайди-да).


Ёш болаларга компьютерни олдида узоқ вақт ўтириш зарарли бўлганлиги учун, онасига топшираман-у, яна компьютерга тармашаман (Хотинимнинг энг катта душмани менинг ноутбуким. Бир неча марталаб компьютерим бузилиб қолишини дуо қилаётганини эшитганман :) ). Ҳар куни аҳвол шундай такрорланаверади... такрорланаверади... Нима бўлганда ҳам бахтли яшаяпмиз...
Шанба ва якшанба кунлари таржима ишлари билан шуғулланишга вақт бўлади. Айтганча, баъзи бировлар сўрайди: "Нега таржима ишлари билан шуғулланасан? Бирор фойдаси борми?"
Бугун шу саволга жавоб берсам. Дастурларни таржима қилиш билан 2007 йилдан буён шуғулланиб келаман, лекин бирор марта ушбу ишлардан моддий фойда олган эмасман. Шунчаки қизиқишдан бошланган бу иш. Ҳозирги кунда эса ушбу ишларни ҳам қизиқиш, ҳам савоб, ҳам мажбурият сифатида бажараман. Қисқаси, қуйидаги сабаблар:
1. Кимдир ушбу дастурларни таржима қилиши керак-ку. Кўпчилик чет тилларини билмайди. Қачонгача бировларнинг тилидан фойдаланиб юришимиз керак. Ҳаётда нимадир фойдали иш қилиб қолдиришим керак-ку. Халққа қандайдир фойдам тегиши керак-ку.
2. Бошқаларга ўхшаб, ресторанма ресторан, турли дам олиш жойларига боришга ва сегарет, нос чекиш, маст қилувчи ичимликлар ичишга қизиқишим йўқ. Бўш вақтимни ушбу ишга сарфлаб, завқ оламан. Кимгадир фойдам тегиши мумкинлигини билсам, қувват оламан.
3. Таржима жараёнида "инглиз тилим"ни мукаммаллаштириб бораман.Сўзларнинг турли маъноларини ўрганаман. Ўзбек ва инглиз тилидаги сўзларнинг базасини тузиб бораман.
Қисқаси шундай....

Thursday, June 28, 2012

Libre office`da sahifani kitob holatidan albom holatiga oʻtkazish

Oxirgi vaqtlarda hisobotlarni yozishga toʻgʻri kelmoqda. Majbur boʻlib "Libre office"da matnlarni terib chiqdim. U yerda kitob holatda turadi sahifa. Uni albom shakliga oʻtkazish uchun juda koʻp vaqtim ketdi. Oxiri, www.google.co.uz saytidan qidirib topdim.  "Format" baniga kirib u yerdan "Page"ni ochib, soʻngra ochilgan yangi oynadan "Orientation"dan "Landscape" tanlasangiz boʻldi.

Ushbu ma`lumotning kimgadir foydasi tegsa xursandman.

Saturday, June 23, 2012

LAMP server oʻrnatish

.php fayllarni koʻrish uchun odatda virtual server kerak boʻladi. Windows operatsion tizimida koʻpchilik "Denver"dan foydalanishga odatlanib qolgan, chunki uning oʻzi hamma moslash jarayonini oʻzi amalga oshiradi. Linuxda ham xuddi shunday virtual server hosil qilish mumkin. U yerda "Joomla", "Drupal" va "Wordpress" kabi ochiq kodli "cms"larni ishlatib koʻrishingiz va tanishishingiz mumkin boʻladi. Buning uchun LAMP serverni oʻrnatish kerak boʻladi. LAMP qisqartma soʻz. L harfi "Linux" soʻzining bosh harfi. "A" esa "Apache" soʻzining bosh harfi. "M" esa "MySQL" maʻlumotlar bazasining birinchi harfi, "P" harfi esa "Php"ning ilk harfi hisoblanadi.
Qisqasi, LAMP serverni oʻrnatish uchun kompyuteringizda "Ubuntu" operatsion tizimi oʻrnatilgan boʻlishi va internetga ulangan boʻlishi kerak.
Birinchi navbatda MySQL`ni oʻrnatishishimiz kerak. Buning uchun terminalda quyidagi buyruqni kiritamiz:

sudo apt-get install mysql-server mysql-client libmysqlclient15-dev

Kerakli paketlar yuklab boʻlingandan soʻng, oʻrnatish jarayoni boshlanadi. Oʻrnatish vaqtida MySQL root maxfiy soʻzi soʻraladi. Ushbu maxfiy soʻzning OT maxfiy soʻziga aloqasi yoʻq, shuning uchun qoʻrqmasdan boshqa xohlagan maxfiy soʻzni kiritish mumkin boʻladi.
Endi joriy ma`lumotlar bazasi serverini oʻchirib, yoqish kerak boʻladi:

sudo /etc/init.d/mysql restart

Endi esa Apache`ni va uning har xil qoʻshimchalarini oʻrnatamiz:

sudo apt-get install apache2 apache2-doc apache2-mpm-prefork apache2-utils libexpat1 ssl-cert

Jarayonni davom ettirib, PHP tilini qoʻshimcha modullari bilan oʻrnatamiz:

sudo apt-get install libapache2-mod-php5 libapache2-mod-ruby php5 php5-common php5-curl php5-dev php5-gd php5-idn php-pear php5-imagick php5-imap php5-mcrypt php5-memcache php5-mhash php5-ming php5-mysql php5-pspell php5-recode php5-snmp php5-sqlite php5-tidy php5-xmlrpc php5-xsl

Ushbu jarayon tugagandan soʻng, Apache`ni majburan oʻchirib-yoqishga toʻgʻri keladi:

sudo /etc/init.d/apache2 force-reload

Mana endi, MySQL ma`lumotlar bazasini boshqarish oson boʻlishi uchun PhpMyAdmin veb interfeysini oʻrnatamiz:

sudo apt-get install phpmyadmin


Rasmda koʻrib turganingizdek, ushbu dastur oʻzbek tiliga oʻgirilgan va foydalanishda ancha qulay boʻladi. Ushbu serverni ishlayotganligini brauzerda ham tekshirib koʻrishingiz mumkin boʻladi. Buning uchun har qanday brauzerning manzillar satriga  http://localhost/.  manzilini kiritishingiz kerak boʻladi. Ushbu manzil ochilishi bilan "It works" degan yozuv paydo boʻlishi kerak. Barcha saytlar aslida /var/www jildi ichida joylashadi. Ushbu jildga kirib u yerda qanday fayllar joylashganligini koʻrib, hatto ularning tarkibini oʻzgartirishingiz mumkin. Standart holat boʻyicha siz ushbu katalogda yangi fayl yaratish, oʻchirish va tahrirlash huquqiga ega boʻlmaysiz. Ushbu muammoni hal qilish uchun terminalda quyidagi buyruqni bajarishingiz kerak boʻladi:
     sudo chmod 777 /var/www
Ushbu buyruq /var/www katalogida har qanday foydalanuvchiga fayllarni tahrirlash va oʻzgartirish huquqini beradi. Shuning uchun ushbu buyruqni asosiy veb server boʻlgan kompyuterlarda amalga oshirishni tavsiya qilmaymiz. Faqatgina shaxsiy kompyuteringizda tanishish va foydalanishda tavsiya qilinadi.

Ushbu maqolani ushbu saytdan tarjima qildim, tarjima jarayonida oʻzimning fikrlarimni ham qoʻshdim. Chet tillarini bilmaydigan yoki oʻzbek tilida maqolalarni oʻqishni  afzal biluvchi foydalanuvchilarga foydasi tegadi degan umiddaman. Fikrlaringiz boʻlsa, bemalol sharh qoldirishingiz mumkin.

Saturday, June 16, 2012

Lotin alifbosida koʻp uchraydigan xatolar

Hozirgi kunda lotin alifbosida yozilgan internet sahifalarida, koʻchalardagi reklama bannerlarida, hatto ish qogʻozlarida ham quyidagicha xatolar juda koʻp uchramoqda:


1. oʻ Oʻ va gʻ Gʻ harflaridagi " ʻ " belgisi oʻrnida " ' " belgisi ishlatilmoqda. Aslida, " ' " belgisi tutuq belgisi hisoblanadi. Menimcha, bunga sabab oʻzbek tilidagi klaviaturada " ʻ " belgisining oʻrnatilmaganligi boʻlsa kerak. "Microsoft Word" dasturida ushbu belgini simvollardan topib qoʻysa boʻladi. Linuxda esa lotin alifbosiga asoslangan klaviaturada ushbu belgi mavjud. Bu muammoni hal qilish uchun "Windows" operatsion tizimida oʻzbekcha lotin alifbosiga asoslangan klaviaturaga " ʻ " belgisini qoʻshish kerak.


2. Yil va sanalardan soʻng lotin alifbosida " - " (chiziqcha) belgisi bilan bogʻliq xatolar uchramoqda. Kirill alifbosida yil va sanalardan soʻng " - " (chiziqcha) belgisi qoʻyilmaydi. 2012 йил 16 июн kabi. Lotin alifbosida esa chiziqcha qoʻyilishi shart. 2012-yil 16-iyun.


3. Hozirgi zamon qoʻshimchalar oʻrnida ham baʻzida kelasi zamon qoʻshimchalari qoʻyib ishlatilmoqda. Masalan, "quvalamoqda" emas, "quvlamoqda" boʻladi. Agar birinchi soʻzni asos va qoʻshimchalarga ajratib chiqsak, "quv-a-la-moq" shaklida ajraladi. Bu yerda "quv" - asos, -a kelasi zamon qoʻshimchasi, -moqda hozirg zamon qoʻshimchasi hisoblanadi. "ketdi" soʻzi oʻtgan zamonni ifodalasa, "ketadi" feʻlida esa "-a" qoʻshimchasi kelasi zamonda boʻladigan harakatni ifodalaydi. Shuning uchun hozirgi zamonda boʻladigan harakatda -a qoʻshimchasini ishlatmaslik kerak.

4. Kirill alifbosidagi "ц" harfini lotin alifbosida qoʻllash bilan bogʻliq xatolar uchrab turibdi. Ayniqsa, kirildan lotinga, lotindan kirilga alifboni oʻgiradigan dasturlarda bu hol juda koʻp uchraydi. Yangi imlo qoidalariga koʻra "ц" harfi lotin alifbosida faqatgina soʻz oʻrtasida unlidan keyin kelsagina "ts" shaklida yoziladi. Masalan: litsey (лицей), konstitutsiya (конституция). Qolgan barcha holatlarda "s" shaklida yoziladi. Masalan, sirk (цирк), sirkul (циркул), abzas (абзац).

5. va g jarangli undoshlari bilan tugagan soʻzlarga -ga (joʻnalish kelishigi), -gach (payt ravishdoshi), -gan (sifatdosh), -gani (maqsad ravishdoshi) qoʻshimchalari qoʻshilsa, oʻzgartirilmasdan, asliga koʻra morflologik  qoida asosida yoziladi. Masalan: togʻ + ga = togʻga, barg + ga =  bargga, yi + gani = yigʻgani, yi + gan = yigʻgan, eg + gan = eggan, yi + gach = yigʻgach.
Lekin ushbu qoida jarangsiz undosh bilan tugagan soʻzlarga tegishli emas. Masalan: qishloq + ga = qishloqqa, ek + gan = ekkan, chiq + gan = chiqqan, chiq + gani = chiqqani kabi yozilaveradi. Kiril alifbosida esa ushbu holatda fonetik qoida asosida har qanday holatda ham oʻzgartirib yozilaveradi. Masalan: тоққа, қишлоққа, йиққани kabi.

6. Izofali birikmalarda " y " harfi qoʻyib yoziladi. Masalan, kirill alifbosida "таржимаи ҳол" deb yozilsa, lotin alifbosida "tarjimayi hol" deb yoziladi. "Нуқтаи назар" so'zi "nuqtayi nazar" shaklida yoziladi.

7. Chet tilidan kirib kelgan ko'pgina so'zlar shakliy qoida asosida yozilmoqda. Masalan: kirill alifbosida "сенятбр", "октябр" "режисёр", "бюджет" kabi so'zlar lotin alifbosida "sentabr", "oktabr", "rejissor", "budjet" kabi yoziladi.

8. Tarkibida v yoki u undoshi bo'lgan bir bugʻinli soʻzlarga - illa qoʻshimchasi qoʻshilsa, -ulla tarzida yoziladi. Masalan: shov + illa = shovulla, gʻuv + illa = gʻuvulla kabi.

Maqolamning davomi bor...

Sunday, June 10, 2012

So'zsiz maqola

Xulosani o'zingiz chiqaring:


Wednesday, June 6, 2012

Tarmoqdagi "Ubuntu"dan XP`dagi printerga chop qilish

Sarlavhadan ham tushungan boʻlsangiz kerak, server Windows XP tizimida ishlaydi. Unga printer oʻrnatilgan. Tarmoqda "Ubuntu" oʻrnatilgan kompyuterlar ham bor. Oʻsha linux oʻrnatilgan tizimdan serverdagi printerga chop qilish kerak. Buning uchun "Ubuntu" oʻrnatilgan kompyuterda oʻsha printerning linux uchun drayveri oʻrnatilgan boʻlishi kerak. "Canon mf 4010" printerining drayverini oʻrnatish haqida oldinroq ma`lumot berilgan. Qisqasi, ekranning oʻng tomonidagi eng yuqori burchakdagi nishonchaning ustiga sichqoncha koʻrsatkishini olib kelib bir marta bosamiz. U yerdan "Printerlar" ("Printers")bandini tanlaymiz.
Natijada, quyidagi koʻrinishdagi oyna ochiladi:

U yerdan "Qoʻshish" ("Add")tugmasini bosamiz. Yangi ochilgan oynadan "Tarmoq printeri" ("Network Printer")ni kengaytiramiz va u yerdan "SAMBA orqali Windows printeri"   ("Windows Printer via SAMBA")ni tanlaymiz. U yerdan "Koʻrish" ("Browse") tugmasini bosamiz yoki boʻlishilgan printerning manzilini qoʻlda yozamiz. "Toʻgʻrilash" ("Verify") tugmasini bosing. Keyin esa, talab qilsa, Windows foydalanuvchisi va maxfiy soʻzini kiritamiz.  "Navbatdagi"  ("Forward") tugmasini bosamiz. Mos printer drayverini tanlang va oʻzgarishlarni "Qoʻllash" ("Apply")ni bosamiz. Natijada, sinov sahifasini chop qilishni, yaʻni qogʻozga chop qilishni sinab koʻrishni taklif qiluvchi oyna paydo boʻladi:


Agar rostdan printer ishlayotganini sinab koʻrmoqchi boʻlsangiz, "Tekshirish uchun chop qilish" ("Print Test Page") tugmasini bosib, sinab koʻrishingiz mumkin.

Men tarmoqdagi 2 ta printerni ham oʻrnatib oldim. Hammasi muvaffaqiyatli amalga oshdi. Agar sizda birorta muammo  boʻlsa, bemalol fikringizni yozishingiz mumkin.